O'zbekistonda talabalar sportini rivojlantirish va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O'zbekistonda talabalar sportini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.

O'zbekistonda talabalar sportini rivojlantirish, yoshlarni ommaviy sportga jalb etish va iqtidorli sportchilarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Birinchi Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi ushbu yo'nalishdagi tajribani xalqaro maydonda namoyish etish, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va universitetlar sportini rivojlantirishning yangi istiqbollarini belgilash uchun muhim muloqot maydoni bo'ldi.
Forumda Butunjahon universitetlar sporti federatsiyasi prezidenti Leons Eder boshchiligidagi delegatsiya, mintaqadagi davlatlar sport tashkilotlari vakillari hamda O'zbekiston oliy ta'lim tizimi mas'ullari qatnashdi. Tadbir doirasida talabalar sportini rivojlantirish, sport va ta'limni uyg'unlashtirish, xalqaro tajribani o'rganish hamda universitetlar o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, FISU bilan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek, FISU bilan O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Kelgusida FISU jahon universitetlar chempionatlarini O'zbekistonda o'tkazish imkoniyatlari ham ko'rib chiqildi.
Ommaviylik — talabalar sportining tayanchi
Bugungi kunda mamlakatdagi 207 ta oliy ta'lim muassasasida 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, 2025-yilda "Besh tashabbus olimpiadasi"da 452 ming nafar, "Yangi O'zbekiston talabalar olimpiadasi"da 155 ming nafar, "Talabalar ligasi" musobaqalarida esa 281 ming nafar ishtirokchi qatnashgan. 2026-yilda "Besh tashabbus olimpiadasi" qamrovini 600 ming nafarga, "Talabalar ligasi" ishtirokchilari sonini 300 ming nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Xalqaro hamkorlik va amaliy natijalar
Talabalar sportini rivojlantirishda ommaviy musobaqalar va xalqaro hamkorlik bir-birini to'ldiruvchi yo'nalishlar hisoblanadi. Mamlakat miqyosidagi musobaqalar yoshlarni sportga jalb etish va iqtidorlarni aniqlashga xizmat qilsa, xalqaro aloqalar ilg'or tajribani o'rganish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va universitetlar sportining imkoniyatlarini kengaytirishga yo'l ochadi. Erishilgan kelishuvlarni amaliy loyihalar bilan davom ettirish, sport musobaqalari qamrovini kengaytirish va yoshlarning sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun imkoniyatlarni oshirish asosiy vazifalardan biri bo'lib qolmoqda.
Manba: UzA



