Surxondaryoda "Jasorat maktablari" o'quvchilari tantanali ravishda va'da berishdi
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida "Jasorat maktabi" o'quvchilarining tantanali qasamyod va va'da berish marosimi bo'lib o'tdi.

Surxondaryo viloyatida "Jasorat maktablari" o'quvchilarining tantanali va'da berish marosimlari o'tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Angor tumanidagi markaziy istirohat bog'ida tashkil etildi.
Unda Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarning viloyat hududiy rahbarlari, jamoat tashkilotlari hamda o'quvchilarning ota-onalari qatnashdi. Mamlakatda yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Prezidentning 2024-yil 15-noyabrdagi "O'quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bu boradagi ishlarni sifatli yo'lga qo'yishda xizmat qilmoqda. Umumta'lim muassasalarida tashkil etilgan "Jasorat maktablari" harbiy vatanparvarlik yo'nalishida tayanch ta'lim dargohiga aylangan.
Ta'lim jarayoni va qasamyod marosimi
Angor tumanidagi 35-umumta'lim muassasasida "Jasorat maktabi" faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, u yerda malakali ustozlar tomonidan o'quvchilarga chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik, matematika, tarix, fizika, jismoniy tarbiya va chet tili fanlari chuqurlashtirilgan tarzda o'rgatilmoqda. Yoshlar milliy qadriyatlar, ajdodlar merosi, jumladan, Amir Temur merosi asosida vatanparvarlik ruhida ulg'aymoqda.
Tadbir davomida mazkur "Jasorat maktabi"da ta'lim olayotgan 26 nafar o'quvchi Prezident va xalqqa sodiq, mard hamda jasur farzand bo'lishga tantanali ravishda va'da berdi.
Manba: UzA


