O'zbekistondagi barcha maktablarda yangi o'quv yili boshlandi
Mamlakatimizning barcha hududlaridagi umumta'lim maktablarida yangi o'quv yili boshlanishiga bag'ishlangan tantanali tadbirlar bo'lib o'tdi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridagi umumta'lim maktablarida yangi o'quv yili boshlandi. Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 298-umumiy o'rta ta'lim maktabida ham yangi o'quv yili boshlanishiga bag'ishlangan tadbir ma'rifat, bolalik va beg'uborlik bayrami sifatida bo'lib o'tdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirga maktab o'quvchilari, ustozlar, ota-onalar hamda ta'lim sohasi mutasaddilari taklif etildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz maktablari o'quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrigini maktabgacha va maktab ta'limi vazirining o'rinbosari Temurjon Komilov o'qib eshittirdi. Mazkur tabrik orqali davlatimiz rahbari quvonchli ayyomda beg'ubor nigohlarida hayrat va hayajon uchqunlari porlab, katta orzu-intilishlar bilan maktab ostonasiga qadam qo'yayotgan 800 ming nafarga yaqin o'g'il-qizlarimizga, ota-onalar va pedagoglar jamoatchiligiga o'zining ezgu tilaklarini bildirdi.
Maktablardagi yangi o'zgarishlar va tayyorgarlik
Tantanali tadbirda ta'kidlanganidek, keyingi yillarda ta'lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar tufayli yangi O'zbekiston maktablari butunlay yangicha qiyofa kasb etib, ta'lim sifati takomillashib bormoqda. Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining o'rinbosari Temurjon Komilovning so'zlariga ko'ra, Prezidentning 1-sinf o'quvchilari uchun sovg'alari bolajonlarni juda ruhlantiradi. Yangi o'quv yiliga darsliklar va zarur barcha vositalarni tayyorlash bilan birga, bolalarning xavfsizligini ta'minlashga ham jiddiy e'tibor qaratildi.
298-maktab direktori Sherali Rustamovning ta'kidlashicha, yangi o'quv yiliga yoz mavsumi davomida puxta tayyorgarlik ko'rilib, pedagoglarning bilimi, kasbiy malaka va mahoratini oshirishga jiddiy ahamiyat qaratildi. Shuningdek, qo'shimcha yangi o'quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur maktabda 3463 nafar o'quvchi tahsil oladi va bu yil birinchi sinfga 415 nafar o'g'il-qiz qabul qilindi. Bitiruvchilarning oliy ta'lim muassasalariga kirishida ham sezilarli ijobiy natijalarga erishildi.
Tadbir davomida Vatan, Mustaqillik, yoshlarga qaratilayotgan e'tiborni ulug'lovchi kuy-qo'shiqlar yangradi. Birinchi sinfga ilk bor qadam qo'ygan jajnilarga Prezidentning sovg'alari topshirildi. Ilk saboqda o'quvchilarga yangi O'zbekistonning dadil taraqqiyot odimlari, Mustaqillik, hurriyat va ozodlik, maktab va kitoblarning mo'jizaviy dunyosi haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
Manba: UzA


