O'zbekistonlik maktab o'quvchilari Xalqaro standartlar olimpiadasida qatnashmoqda
Janubiy Koreyada boshlangan 21-Xalqaro standartlar olimpiadasida o'zbekistonlik o'rta maktab o'quvchilari ham o'z bilimini sinovdan o'tkazmoqda.

Janubiy Koreya Respublikasida 21-Xalqaro standartlar olimpiadasi o'z ishini boshladi. Mazkur nufuzli intellektual musobaqa dunyoning turli davlatlaridan o'rta maktab o'quvchilarini yagona maydonda birlashtiradi. Ushbu tadbir 2014-yilda sinov tariqasida xalqaro miqyosda tashkil etilgan bo'lib, 2015-yildan buyon rasmiy xalqaro olimpiada sifatida muntazam o'tkazib kelinadi.
Joriy yilda o'tkazilayotgan xalqaro intellektual musobaqada O'zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda. Mamlakatimiz yoshlari O'zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas'ullari hamrohligida mazkur tadbirda o'z salohiyatini namoyish etmoqda.
Musobaqa o'quvchilarning standartlashtirish sohasiga oid ko'nikmalarini baholash bilan birga, ularda tanqidiy va ijodiy fikrlash hamda innovatsion yondashuv qobiliyatlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan bir qatorda, mazkur olimpiada yoshlar o'rtasida xalqaro tajriba almashish, turli mamlakat vakillari bilan muloqot qilish va standartlarning kundalik hayotdagi o'rnini chuqurroq tushunish uchun qulay platforma hisoblanadi.
Ma'lumot o'rnida ta'kidlash joizki, o'zbekistonlik yoshlar ushbu Xalqaro standartlar olimpiadasida joriy yilda uchinchi bor qatnashmoqda. Bu holat yurtimizda o'quvchilarni standartlashtirish yo'nalishiga keng jalb etish hamda ularning zamonaviy bilimlari va intellektual salohiyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ko'rsatadi.
Manba: UzA


