O'zbekistonlik o'quvchilar xalqaro standartlar olimpiadasida uchta oltin medalni qo'lga kiritdi
Seul shahrida bo'lib o'tgan 21-Xalqaro standartlar olimpiadasida O'zbekiston terma jamoasi uchta oltin medalni qo'lga kiritdi.

2026-yil 11-14-avgust kunlari Koreya Respublikasining Seul shahrida 21-Xalqaro standartlar olimpiadasi bo'lib o'tdi. Dunyoning 11 ta mamlakatidan 35 ta jamoa qatnashgan nufuzli intellektual musobaqada O'zbekiston terma jamoasi «Silk-road» nomi ostida ishtirok etib, uchta oltin medalni qo'lga kiritdi. Mamlakatimiz vakillari mazkur musobaqada uchinchi marotaba qatnashmoqda.
Saralash bosqichlari va tayyorgarlik
O'zbekiston terma jamoasini shakllantirish ikki bosqichli saralash tizimi asosida ingliz tilida o'tkazildi. Birinchi bosqichda respublika bo'ylab 458 nafar o'quvchi to'rt soat davomida mustaqil standart loyihasini ishlab chiqdi. Natijada eng yuqori natija ko'rsatgan 34 nafar o'quvchi ikkinchi bosqichga yo'llanma oldi. Hal qiluvchi saralash 2026-yil 21-22-may kunlari Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida tashkil etilib, undan saralangan 6 nafar o'quvchi terma jamoa tarkibiga kiritildi.
Shundan so'ng, 17-30-iyun kunlari Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi hamda O'zbekiston standartlar institutida o'quvchilar uchun intensiv mashg'ulotlar tashkil etildi. Institut mutaxassislari o'quvchilarga standart loyihasini ishlab chiqish, uning tuzilishi va taqdimot tayyorlash bo'yicha zarur ko'nikmalarni o'rgatdi.
Seuldagi hal qiluvchi bellashuv
13-avgust kuni olimpiadaning asosiy bosqichida ishtirokchilarga «Kiyiladigan elektron qurilmalar va texnologiyalar — aqlli ko'zoynaklar uchun ishlash sinov usullari» mavzusi berildi. Jamoalarga standart loyihasini ishlab chiqish va taqdimot tayyorlash uchun olti soat vaqt ajratildi. «Silk-road» jamoasi o'z loyihasini xalqaro ISO/IEC uslubiga muvofiq tayyorlab, 14-avgust kuni hakamlar hay'ati oldida muvaffaqiyatli himoya qildi va uchta oltin medalga sazovor bo'ldi.
Manba: UzA


