O'zbekistonlik talabalar Huawei ICT Competition 2025-2026 global finalida ishtirok etmoqda
O'zbekistonlik talabalar Xitoyda o'tayotgan Huawei ICT Competition 2025-2026 global finalida o'z bilimlarini sinovdan o'tkazmoqda.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari yo'nalishidagi raqobat faqatgina kompaniyalar doirasida emas, balki davlatlar o'rtasida ham kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda yoshlarning xalqaro maydonlarda qatnashishi mamlakatning intellektual salohiyatini ko'rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xitoyning Shenchjen shahrida bo'lib o'tayotgan “Huawei ICT Competition 2025–2026” global finalida respublikamizdagi uchta oliy ta'lim muassasasi vakillari qatnashmoqda. Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Turin politexnika universiteti talabalari va o'qituvchilari ushbu nufuzli musobaqada o'z imkoniyatlarini namoyon etmoqda.
Musobaqa yo'nalishlari va ko'lami
Joriy yilda tashkil etilgan tanlovning amaliy yo'nalishida yer yuzining 40 dan ortiq davlat va hududlaridan saralab olingan 131 ta jamoa bellashmoqda. Mazkur musobaqa tarmoq texnologiyalari, hisoblash texnologiyalari, bulutli yechimlar va sun'iy intellekt kabi yo'nalishlarni qamrab olgan.
Global final davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarini, balki amaliy ko'nikmalarini ham sinovdan o'tkazishadi. Ular murakkab texnologik masalalarni yechish orqali o'z salohiyatlarini ko'rsatishadi. Shuningdek, talabalar sun'iy intellekt, telekommunikatsiya tarmoqlari, bulutli texnologiyalar va zamonaviy dasturiy platformalar bo'yicha xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Xalqaro miqyosdagi ahamiyati
“Huawei ICT Competition” bugungi kunda dunyo miqyosidagi eng yirik ta'lim tashabbuslaridan biri sanaladi. Joriy mavsumda mazkur tanlovning amaliy yo'nalishida 210 mingdan ziyod talaba qatnashdi va bu ko'rsatkich musobaqa tarixidagi rekord natija bo'ldi. O'zbekistonlik yoshlarning ushbu xalqaro tanlovdagi ishtiroki mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida berilayotgan ta'lim va yoshlarning iqtidori xalqaro miqyosda munosib baholanayotganini ko'rsatadi.
Manba: UzA



