Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri MTT direktorlari bilan uchrashdi
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbarlari bilan ochiq muloqot o'tkazdi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova bir guruh maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktorlari bilan ochiq muloqot o'tkazdi. Ushbu uchrashuvda vazirlik markaziy apparati bo'linmalari rahbarlari ham qatnashdi. Muloqot davomida maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi muammolarni bartaraf etish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokama qilingan asosiy masalalar
- Xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun qo'shimcha imtiyozlar berish imkoniyatlari;
- Imtiyozli toifaga mansub bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qabul qilish tartibi;
- Tarbiyachilarning oylik ish haqini oshirish masalalari.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish, oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini sifatli yo'lga qo'yish masalalariga e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, pedagog xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish hamda inklyuziv ta'limni keng joriy etish muhokama markazida bo'ldi. Ishtirokchilar sohadagi mavjud qiyinchiliklar, amaliy takliflar va tashabbuslar yuzasidan o'z fikrlarini bildirdilar. Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflar asosida mas'ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta'minlash vazifalari belgilab olindi.
Manba: UzA

