Pedagoglar farzandlari kontraktiga 30 foizlik chegirma berish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qaroriga ko'ra, davlat OTMlarida o'qiyotgan pedagoglarning farzandlariga 2026/2027 o'quv yilidan boshlab kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma beriladi.

Oliy ta'lim muassasalarida o'qish xarajatlari ko'plab oilalar uchun moliyaviy qiyinchilik tug'dirishi sir emas. Ayniqsa, bir oilada bir nechta talaba shartnoma asosida o'qisa, yillik to'lovlar byudjetga og'irlik qiladi. Shu bois davlat bu yukni yengillashtirish maqsadida yangi tartibni yo'lga qo'ymoqda.
Hukumatning 2026-yil 17-sentabrdagi qaroriga muvofiq, pedagoglarning davlat oliy ta'lim tashkilotlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun to'lov-kontrakt summasidan 30 foizlik chegirma berish belgilandi. Ushbu tartib 2026/2027 o'quv yilidan boshlab amalga kiritiladi. Unga ko'ra, davlat OTMlarining bakalavriat bosqichi kunduzgi ta'lim shaklida o'qiyotgan o'qituvchilar va pedagoglarning farzandlari mazkur imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Kimlarga tatbiq etiladi va istisnolar qanday?
Mazkur imtiyoz faqat yangi qabul qilingan talabalar uchungina emas, balki davlat OTMlarida belgilangan talablarga mos ravishda o'qiyotgan barcha pedagog farzandlariga taalluqlidir. Agar oilada bir nechta farzand shartnoma asosida o'qisa, 30 foizlik chegirma har bir farzand uchun alohida hisoblanadi. Imtiyoz bitta farzand bilan cheklanmagan.
Shu bilan birga, chegirma barcha oliygohlarga ham berilmaydi:
- Oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim tashkilotlari;
- O'zbekistondagi xorijiy OTMlar va ularning filiallari;
- Nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari;
- Qo'shimcha va tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida o'qiyotganlar;
- Xorijiy hamkor OTMlarning qo'shma ta'lim dasturlari va fakultetlari talabalariga bu chegirma qo'llanilmaydi.
Ariza berish jarayoni va shartlar
Chegirmani qo'lga kiritish uchun ortiqcha qog'ozbozlik talab etilmaydi. Buning uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza yuborish kifoya qiladi. Talabaning pedagog farzandi ekanligi "Raqamli hukumat" tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi vositasida avtomatik ravishda tekshiriladi. Ma'lumotlar tasdiqlangach, mas'ul tashkilot arizani ikki ish kuni ichida ko'rib chiqib, chegirani avtomatik tarzda qo'llaydi.
Ta'kidlash joizki, 30 foizlik chegirma har bir o'quv yili uchun bir marta beriladi. Shuningdek, imtiyozning amal qilishi ota-onaning pedagog maqomiga bog'liq bo'lib, agar talabaning otasi yoki onasi pedagoglar toifasidan chiqarilsa, keyingi o'quv yilidan boshlab chegirma to'xtatiladi.
Manba: UzA



