Nukus shahridagi texnikumda xalqaro ta'lim dasturi joriy etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati hamda Buyuk Britaniyaning Pearson BTEC dasturi ijrosi bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi. Mamlakatimizda kasbiy ta'lim tizimi isloh qilinib, yoshlarni zamonaviy kasblarga o'qitish, ichki va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Davlat rahbarining 17-iyuldagi “Respublikada xalqaro ta'lim standartlari asosida o'rta maxsus, kasbiy va oliy ta'lim dasturlarini joriy etishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro ta'lim dasturi joriy etildi. Dunyoning 70 ta mamlakatida qo'llanilayotgan ushbu dastur O'zbekistonda ilk bor mazkur texnikumda yo'lga qo'yildi. Uning asosiy xususiyati nazariy bilimlarni amaliy ko'nikmalar bilan uyg'unlashtirishdir.
Texnikumdagi sharoitlar va xalqaro hamkorlik
Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard so'm bo'lib, shundan 2 milliard so'm hamkorlar tomonidan ajratildi. Natijada 240 o'rinli zamonaviy ustaxonalar yaratildi va raqamli laboratoriyalar tashkil etildi. Muassasa 4 gektar maydonda joylashgan bo'lib, bino va inshootlarining umumiy maydoni 4,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Texnikumda jami 1 ming 203 nafar o'quvchi ta'lim olmoqda.
Xususiy hamkor Salovutdin Ilyosov ishtirokida “spin-off” ta'lim dasturi ham yo'lga qo'yilgan. Uning doirasida 136 nafar o'quvchi talab yuqori bo'lgan zamonaviy kasblarni egallamoqda. Asosiy fanlar ingliz tilida o'qitilib, o'quv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etilmoqda.
Bitiruvchilar bandligi va istiqbolli rejalar
Amaliy tayyorgarlik natijasida bitiruvchilarning xorijda ishlash imkoniyatlari kengaymoqda. Joriy yilda texnikumda payvandchilik bo'yicha o'qitilgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi va ular oyiga 3 ming yevrogacha ish haqi olmoqda. Shuningdek, tashkil etilayotgan 40 million dollarlik sanoat zonasi uchun zarur mutaxassislarni mazkur texnikumda tayyorlash bo'yicha kelishuvlarga erishilgan.
Manba: UzA

