Pedagoglarning bir nechta farzandiga 30 foiz kontrakt chegirmasi beriladi
Pedagoglarning davlat OTMlarida o'qiyotgan farzandlari uchun 30 foizli kontrakt chegirmasi joriy etildi.
Chegirma olish tartibi va shartlari
Davlat oliy ta'lim tashkilotlarining kunduzgi ta'lim shaklida o'qiyotgan talabalarga pedagog ota-onasining farzandi ekanligi tasdiqlanganda 30 foiz miqdorida chegirma qo'llanadi. Imtiyozdan foydalanish uchun kontrakt.edu.uz platformasi orqali ariza topshirish talab etiladi. Yuborilgan murojaatlar ikki ish kunida ko'rib chiqiladi.
Agar pedagogning bir nechta farzandi talabalik talablariga mos kelsa, ularning barchasi ushbu chegirmadan alohida foydalanish imkoniyatiga ega. Shuningdek, xarajatlarning 50 foizi davlat granti va qolgan 50 foizi kontrakt asosida o'qiyotgan talabalar uchun ham bu imtiyoz amal qiladi. Bunda 30 foizlik chegirma faqat to'lov-kontrakt qismiga hisoblanadi.
Pedagoglar doirasi va istisnolar
Ota-onaning davlat yoki xususiy ta'lim tashkilotida ishlashi imtiyoz berilishiga to'sqinlik qilmaydi. Xususiy bog'cha tarbiyachilari, maktab va xususiy oliygoh pedagoglarining farzandlari ham belgilangan shartlar asosida chegirma olishlari mumkin. Pedagoglar doirasi Adliya vazirligida 2026-yil 9-iyunda 3849-raqam bilan ro'yxatdan o'tkazilgan pedagogik faoliyatga oid 465 ta lavozimni o'z ichiga olgan ro'yxat asosida belgilanadi. Biroq tyutorlar va o'quv markazlari o'qituvchilari mazkur imtiyoz qamroviga kirmaydi.
Chegirma quyidagi holatlarda tatbiq etilmaydi:
- oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim tashkilotlarida o'qiyotganlarga;
- nodavlat oliygohlar, O'zbekistondagi xorijiy oliygohlar va ularning filiallari talabalariga;
- kechki, masofaviy va sirtqi ta'lim shakllariga;
- qo'shimcha va tabaqalashtirilgan to'lov-kontraktga;
- xorijiy hamkor oliygohlar bilan qo'shma ta'lim dasturlari va fakultetlarida o'qiyotganlarga.
Imtiyoz har bir o'quv yili uchun bir marta qo'llaniladi va keyingi yillarda ham undan qayta foydalanish mumkin. Agar ota yoki ona pedagog toifasidan chiqarilsa, keyingi o'quv yilidan boshlab chegirma berish to'xtatiladi.
Manba: Kun.uz



