Samarqandda "Jasorat maktablari" o'quvchilarining tantanali marosimi o'tkazildi
Mamlakatimizdagi "Jasorat maktablari"ga qabul qilingan o'quvchilar ishtirokida tantanali "Va'da berish" marosimi bo'lib o'tdi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida "Jasorat maktablari"ga yangi qabul qilingan o'quvchilar ishtirokida tantanali "Va'da berish" marosimi bo'lib o'tdi. Jumladan, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi o'quvchilar uchun asosiy tadbirlar Serjantlar tayyorlash oliy maktabida tashkil etildi.
Mazkur tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralarning hududiy rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va ota-onalar qatnashdi.
Saralash va ta'lim jarayoni
Joriy yilda ikki bosqichli test sinovlari hamda jismoniy tayyorgarlik imtihonlarida yuqori natija ko'rsatgan 416 nafar o'quvchi "Jasorat maktablari"da tahsil olishni boshladi. Har bir tuman va shahardagi bittadan umumta'lim maktabida tashkil etilgan "Jasorat sinflari"ga 26 nafardan o'quvchi qabul qilingan.
Bu sinflarda o'quvchilarga aniq fanlar, ona tili va adabiyot, tarix, axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar chuqurlashtirilgan tarzda o'qitiladi. Shuningdek, o'quv dasturidan harbiylashtirilgan o'quv mashg'ulotlari ham o'rin olgan.
Tantanali marosimda o'quvchilar ona Vatanga sadoqat, matonat va mas'uliyatni zimmasiga olib, Vatan tarixi, ajdodlar urf-odatlarini o'rganish hamda o'qishni a'lo baholarga bitirish bo'yicha tantanali ravishda va'da berishdi.
Manba: UzA


