Pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt to'loviga 30 foiz chegirma beriladi
Hukumat qaroriga ko'ra, davlat OTMlarida o'qiyotgan pedagoglarning farzandlariga to'lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma belgilanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi qaroriga muvofiq, o'qituvchilarning davlat oliy ta'lim muassasalarida o'qiyotgan farzandlari uchun to'lov-kontrakt summasiga chegirma taqdim etish tartibi tasdiqlandi. Ushbu imtiyoz 2026/2027 o'quv yilidan boshlab har yili tatbiq etiladi va miqdori 30 foizni tashkil qiladi.
Chegirma kimlarga va qanday shartlarda beriladi
Mazkur moliyaviy yengillik faqat davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun amal qiladi. Agar o'qituvchining bir nechta farzandi davlat universitetlarida kontrakt asosida o'qisa, chegirma ularning har biriga alohida beriladi. Arizalar kontrakt.edu.uz tizimi orqali qabul qilinadi. Bunda ariza beruvchining pedagog farzandi ekanligi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tekshirilib, tasdiqlangach, chegirma avtomatik tarzda qo'llaniladi.
Mas'ul tashkilotlar arizalarni 2 ish kuni ichida ko'rib chiqadi va mazkur chegirma har bir o'quv yili uchun bir marotaba tatbiq etiladi. Shuningdek, ota yoki ona pedagog maqomidan mahrum bo'lsa, keyingi o'quv yilidan boshlab chegirma berish to'xtatiladi.
Istisnolar
Qarorga ko'ra, mazkur 30 foizlik chegirma quyidagi toifadagi talabalarga nisbatan qo'llanilmaydi:
- Oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim tashkilotlari talabalari;
- O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar va ularning filiallarida o'qiyotganlar;
- Qo'shimcha hamda tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida tahsil olayotganlar;
- Xorijiy hamkor OTMlarning qo'shma ta'lim dasturlari va fakultetlarida o'qiyotganlar;
- Nodavlat oliy ta'lim tashkilotlari talabalari.
Manba: UzA



