Prezident ta'lim islohotlari va Yangiy O'zbekiston universiteti infratuzilmasi bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O'qituvchi va murabbiylar kuni arafasida "Yangi O'zbekiston" universitetiga tashrif buyurdi.

O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlat rahbari "Yangi O'zbekiston" universitetiga borgan holda ta'lim sohasidagi o'zgarishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan tashkil etilgan ko'rgazmani ko'zdan kechirdi.
Tashrif chog'ida mamlakatda ta'lim uzviyligini ta'minlash yo'nalishidagi ishlar hamda erishilgan natijalar taqdimoti o'tkazildi. Xususan, maktabgacha ta'lim, umumiy o'rta ta'lim, iqtidorli bolalar bilan ishlash, professional hamda oliy ta'lim yo'nalishlarini qamrab olgan pavilonlarda ilk yoshdan boshlab kasb egallashgacha bo'lgan bosqichdagi islohotlar namoyish etildi.
Shuningdek, oliygohning zamonaviy o'quv va ilmiy infratuzilmasi ham ko'zdan kechirildi. Unga ko'ra, "Kelajak muhandislari" maydoni, Bloomberg, fizika o'quv laboratoriyalari, muhandislik fanlari zali hamda Apple Training Center markazida talabalar uchun yaratilgan sharoitlar tanishtirildi.
Bundan tashqari, Idrock sun'iy intellekt klasteri, biotexnologiya va bioinformatika, materialshunoslik, lazer hamda nanotexnologiyalar va ADM mashinasozlik laboratoriyalari faoliyati ko'rsatildi. Ushbu maskanlar yoshlarning olgan nazariy bilimlarini amaliyot, turli tadqiqotlar va loyihalar bilan mustahkamlashiga zamin yaratadi.
Tashrif doirasida davlat rahbari oliygoh professor-o'qituvchilari, talabalari va xalqaro ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yishda qatnashayotgan xorijiy hamkorlar bilan muloqot qildi. Shuningdek, mamlakatning faol va tashabbuskor o'qituvchi hamda murabbiylari bilan esdalik uchun suratga tushildi.
Manba: UzA



