Olimpiada g'oliblarini tayyorlagan o'qituvchilarga yirik mukofotlar va imtiyozlar beriladi
Prezident ishtirokidagi uchrashuvda maktab ta'limini rivojlantirish, o'qituvchilarni qo'llab-quvvatlash va yangi imtiyozlar belgilash masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o'qituvchilar bilan bo'lgan uchrashuvda so'nggi yillarda ta'lim sohasida amalga oshirilgan ishlar va o'quvchilarning erishgan yutuqlariga alohida to'xtaldi. Xususan, PISA xalqaro reytingida 15 yoshli o'quvchilar tabiiy fanlar yo'nalishi bo'yicha 32 pog'ona yuqorilab, 48-o'rinni qo'lga kiritgan. Joriy yilning o'zida yoshlar nufuzli olimpiadalarda jami 228 ta medalga sazovor bo'lgan. Shuningdek, maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan o'quvchilar soni 100 ming nafarga yetgani qayd etildi.
Pedagoglarni qo'llab-quvvatlash va rag'batlantirish
Ma'lum qilinishicha, xalqaro va milliy sertifikatga ega pedagoglar soni oxirgi besh yilda 29 mingdan 143 ming nafarga ko'paygan, maktablarda o'qituvchi yetishmasligi esa uch barobar kamaygan. Hozirgi kunda 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari esa 2 ming dollardan yuqori oylik maosh olmoqda. "Yil o'qituvchisi" tanloviga bog'cha tarbiyachilari va texnikum ustalarini ham qamrab olish taklif etildi. Shuningdek, Xorazmiy, Farg'oniy, Beruniy, Ibn Sino va Mendeleyev nomidagi xalqaro hamda mintaqaviy olimpiadalar g'oliblarini tayyorlagan pedagoglar to'g'ridan-to'g'ri oliy toifa olishi belgilandi. Milliy sertifikatga ega o'qituvchilarning imtihon xarajatlari to'liq qoplanib, ularga 50 foiz ustama to'lanadi. Har yili 208 ta tuman va shahardagi yetakchi muallimlarga mukofotlar beriladi, ming nafar pedagog esa xorijda stajirovka o'taydi. Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kreditlar ajratiladi.
Fanlarni chuqur o'qitish va yangi tashabbuslar
Iqtisodiyotning texnologik taraqqiyoti uchun matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlarini chuqur o'qitishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. O'quvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarda mazkur fanlar ikki guruhga bo'lingan holda o'qitiladi. Shuningdek, O'zbekistonda ilk bor boshlang'ich sinf o'quvchilari uchun ham fan olimpiadalari yo'lga qo'yilishi ma'lum qilindi. Unga ko'ra, kelasi yildan boshlab 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichida g'olib chiqqan bolalarga kompyuter sovg'a qilinadi. Maktab bitiruvchilarining hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligi ta'kidlanib, maktab direktorlariga qo'shimcha vakolatlar berilishi, yoshlarni kasbga tayyorlash bo'yicha esa maxsus komissiya tuzilib, uch oy ichida yangi yechimlar e'lon qilinishi belgilandi.
Manba: Kun.uz


