Qashqadaryoda oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlandi
Qashqadaryo viloyatida 2026-2027 o'quv yili uchun davlat OTM va kasbiy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari o'tkazilmoqda.

Mamlakatimiz bo'ylab 2026-2027 o'quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta'lim muassasalariga qabul bo'yicha test sinovlariga start berildi. Qashqadaryo viloyatida ham abituriyentlar bilim va tayyorgarligini sinovdan o'tkazadigan muhim jarayon yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Viloyatda test sinovlari 14-23-iyul kunlari, jami 10 kun davomida o'tkazilishi mo'ljallangan. Unda 59 ming 434 nafar abituriyent ishtirok etadi. Shundan 26 ming 747 nafari erkaklar, 32 ming 687 nafari xotin-qizlardan iborat. Imtihonlar Qarshi shahridagi to'rtta sektorda tashkil etilmoqda. Jumladan, Bilim va malakalarni baholash agentligi Qashqadaryo viloyati bo'limi binosining “A” va “B” sektorlari hamda Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi manejining “A” va “B” sektorlarida abituriyentlar imtihon topshiradi.
Imtihon jarayoni va sharoitlar
Test sinovlari har kuni ikki smenada o'tkazilib, har bir smenada 3 ming nafardan, bir kunda esa jami 6 ming nafar abituriyent test sinovlarida qatnashishi rejalashtirilgan. Sinovlar o'tkazilayotgan binolarda jarayonning shaffofligi va xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgan. Barcha auditoriyalar stol-stullar, guruh ko'rsatkichlari, yetarli miqdorda ichimlik suvi va ruchkalar bilan ta'minlangan. Shuningdek, nazorat kameralari, yuzni tanish texnologiyasiga asoslangan qurilmalar hamda test jarayonlarini onlayn translyatsiya qiluvchi kameralar o'rnatilgan.
Abituriyentlar uchun qulayliklarni yanada oshirish maqsadida test hududlarida bir qator sharoitlar yaratildi. Xususan, ota-ona va hamrohlar uchun soya-salqin kutuv joylari tashkil etilib, o'rindiqlar o'rnatildi. Abituriyentlar shaxsiy buyumlarini vaqtincha saqlash uchun maxsus javonlar joylashtirildi. Ruxsatnomani chop etmaganlar uchun internetga ulangan kompyuter va printerlar tayyor holatga keltirildi. Ota-onalar test jarayonini onlayn kuzatishi uchun katta ekranli monitorlar o'rnatildi.
Yozning issiq kunlarida sanitariya talablariga qat'iy rioya etish maqsadida test binolaridagi harorat doimiy nazorat qilinmoqda. Buning uchun viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan binolar maxsus termometrlar bilan ta'minlangan. Konditsionerlar va videokuzatuv qurilmalariga mos elektr tarmoqlari tayyorlanib, zarurat holati uchun zaxira elektr ta'minoti ham shakllantirilgan. Bu borada navbatchilik asosida mas'ul mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Manba: UzA