Samarqand davlat chet tillar instituti bitiruvchilari uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi
SamDChTIda o'tkazilgan Karera kuni doirasida mingga yaqin bo'sh ish o'rinlari taklif etilib, yuzlab bitiruvchilar shartnoma imzoladi.

Samarqand davlat chet tillar institutida o'tkazilgan Karera kuni doirasida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ishtirokchilar va taklif etilgan o'rinlar
Yarmarkada Samarqand viloyatidagi yuzdan ortiq korxona va tashkilotlar qatnashdi. Jumladan, maktabgacha va maktab ta'limi, kambag'allikni qisqartirish va bandlik boshqarmalarining tuman hamda shahar bo'limlari, Siyob Group holdingi, ADM Jizzax, SamAvto qo'shma korxonalari, xususiy o'quv markazlari, IT Park rezidentlari, turizm va sayyohlik kompaniyalari o'zlarining bo'sh ish o'rinlari va ehtiyoj sezilayotgan mutaxassisliklari haqida ma'lumot berib, bitiruvchilarni ishga taklif qildi.
Tadbir davomida ish beruvchilar tomonidan mingga yaqin bo'sh ish o'rinlari taqdim etildi. Natijada 295 nafar bitiruvchi dastlabki shartnomalarni imzolashga erishdi. Shuningdek, Kelajak markazlari vakansiyalari bo'yicha tanlovda qatnashish uchun 200 nafarga yaqin talaba ro'yxatdan o'tdi.
Vaucharlar topshirilishi va bitiruvchilar soni
Tadbir mobaynida O'zmilliybank aksiyadorlik jamiyati tomonidan Kelajakka qadam loyihasi doirasida imtiyozli kredit olgan bitiruvchilarga vaucherlar topshirildi.
Institut rahbariyatining ma'lumotiga ko'ra, 2025-2026 o'quv yilida mazkur oliygohni 2421 nafar talaba tamomlamoqda. Ularning aksariyati ta'lim muassasalari va sayyohlik sohasida mehnat faoliyatini boshlashni rejalashtirgan.
Manba: UzA



