Samarqand davlat universiteti QS xalqaro reytingida yuqori o'rinni egalladi
Samarqand davlat universiteti QS World University Rankings by Subject – 2026 natijalariga ko'ra Zamonaviy tillar fan reytingida 251-300-o'rinlardan joy oldi.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti xalqaro Quacquarelli Symonds (QS) agentligining dunyo universitetlari fan sohalari bo'yicha “QS World University Rankings by Subject – 2026” reytingida muvaffaqiyatli qatnashdi. Oliygoh ushbu nufuzli ro'yxatning “Zamonaviy tillar” fan yo'nalishida 251-300-o'rinlarni egallashga sazovor bo'ldi.
Institut faoliyati va xalqaro hamkorlik
Mazkur yutuq universitet tarkibidagi Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti jamoasining sa'y-harakatlari va ilmiy izlanishlari natijasida qo'lga kiritildi. Bugungi kunda ushbu institutda 167 nafar mahalliy hamda 25 nafar xorijiy professor-o'qituvchilar beshta ta'lim yo'nalishi va o'nta kafedrada faoliyat olib bormoqda. Ular 1850 nafar talabaga o'zbek, tojik, rus, ingliz va turk tillarini o'rgatib kelmoqda.
Universitet rahbariyati 2024-yilda tegishli institut va fakultetlarni QS reytingida ishtirok etishga chaqirgan edi. Shundan so'ng reyting talablari va tamoyillari chuqur o'rganilib, ilmiy bo'lim hamda transfer ofisi tomonidan filolog-olimlarga xalqaro talablar asosida ishlash bo'yicha treninglar va seminarlar tashkil etildi. Sorbonna, Istanbul, Anqara, Al-Farobiy nomidagi Qozog'iston milliy universiteti, Aleksandriya, Tehron, Nijniy Novgorod lingvistika va Krasnoyarsk universitetlaridan taniqli professorlar jalb etilib, ilg'or jahon tajribasi joriy qilindi. Buning samarasida oxirgi ikki yilda olimlarning Scopus bazasidagi jurnallarda 100 dan ortiq maqolalari chop etildi.
Kelgusi rejalar
Institut jamoasi oldiga 2026-yil yakunlari bo'yicha e'lon qilinadigan “QS World University Rankings by Subject - 2027” reytingining “Lingvistika” yo'nalishida ham TOP-300 talikka kirish vazifasini qo'ygan.
Manba: UzA



