Samarqand davlat veterinariya meditsinasi universiteti Nukus filialida ota-onalar kongressi o'tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talabalarning ota-onalari uchun maxsus kongress tashkil etildi.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ota-onalar ishtirokida muhim uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbir davomida yoshlar tarbiyasi, ularning ma'naviy kamoloti va kelajagiga daxldor masalalar muhokama qilindi.
Shart-sharoitlar bilan tanishuv
Kongress boshida talabalarning ota-onalari oliy ta'lim muassasasida yaratilgan sharoitlarni yaqindan ko'zdan kechirdilar. Mehmonlar axborot-resurs markazi, o'quv laboratoriyalari, vivariylar hamda yoshlar uchun yaratilgan boshqa imkoniyatlarni ko'rib, ta'lim jarayoniga joriy etilayotgan yangicha yondashuvlarga guvoh bo'ldilar.
Hamjihatlik va muhokama
Shundan so'ng filial majlislar zalida tadbirning asosiy qismi bo'lib o'tdi. Unda bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, intellektual salohiyati va ma'naviy dunyoqarashini yuksaltirish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Globallashuv davrida o'quvchi-yoshlarni yot g'oyalar ta'siridan himoya qilish, bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning kitobxonlik va ilmga qiziqishini oshirishda oila hamda ta'lim muassasasi o'rtasidagi hamjihatlik muhimligi alohida ta'kidlandi.
Ochiq muloqot shaklida o'tgan suhbatlarda talabalar ta'limi, tarbiyasi va ma'naviy muhitini mustahkamlashga oid takliflar bildirildi. Tadbir yakunida o'qish, ilm-fan va jamoat ishlarida faollik ko'rsatayotgan iqtidorli talabalarning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.
Manba: UzA



