Samarqand maktablarida yangi o'quv yili va ilk darslar boshlandi
Samarqand viloyatidagi maktablarda Bilimlar kuni va ilk 'Kelajak soati' darslari o'tkazilib, o'quvchilarga rahbarlar saboq berdilar.

Mamlakatimizdagi umumiy o'rta ta'lim maskanlarida yangi o'quv yili boshlanishi munosabati bilan Samarqand viloyatida ham 'Birinchi qo'ng'iroq' tadbirlari tashkil etildi.
Bilimlar kuni va ilk darslar
Bilimlar kuni tadbirlari doirasida o'tkazilgan dastlabki 'Kelajak soati' darslarida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli kishilar qatnashib, o'quvchilarga hayotiy tajribalari asosida saboq berdilar. Xususan, Oliy Majlis Senati a'zolari ham ta'lim maskanlarida bo'lib, o'qituvchi va yoshlarni mustaqillik bayrami hamda Bilimlar kuni bilan tabrikladilar. Uchrashuvlarda mamlakatimizda yosh avlodning bilim olishiga qaratilayotgan e'tibor va maktab ta'limi yo'nalishidagi islohotlar xususida so'z bordi.
Viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a'zosi Adiz Boboyev Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabida tashkil etilgan tadbirlarda qatnashib, jamoani va o'quvchilarni yangi o'quv yili boshlanishi bilan qutladi. Viloyat rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari o'quvchilari hamda ustoz-murabbiylariga yo'llagan tabrigini o'qib eshittirdi. Shuningdek, hududda joriy yilda ta'lim sohasini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida ma'lumot berildi.
Viloyatdagi ta'lim maskanlaridagi yangiliklar
Joriy yilda viloyat bo'yicha 139 ta maktab va 66 ta maktabgacha ta'lim muassasasida qurilish hamda rekonstruksiya ishlari bajarildi. Jumladan, 1-ixtisoslashgan maktab Abu Dabi jamg'armasidan ajratilgan 4 milliard 300 million so'm mablag' evaziga to'liq yangilandi. Ayni paytda 1132 nafar o'quvchi ta'lim olayotgan mazkur muassasada darslar o'zbek va rus tillarida olib boriladi, chet tili sifatida esa ingliz va koreys tillari o'qitiladi. O'tgan o'quv yilida ushbu maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichi 98 foizni tashkil etgan edi. Yangi o'quv yilida maktabning 1-sinfiga 104 nafar bola qabul qilinib, ularga darslik va o'quv qurollaridan iborat Prezident sovg'alari topshirildi.
Umuman olganda, joriy yilda viloyatdagi 1280 ta davlat umumta'lim maktabi va 60 ta nodavlat ta'lim muassasasining 1-sinfiga jami 92 ming 93 nafar o'quvchi qabul qilindi. Ularning barchasiga Prezident sovg'alari yetkazib berildi.
Manba: UzA


