Samarqandda O'zbekiston-Vengriya rektorlarining uchinchi forumi bo'lib o'tdi
Samarqand shahrida o'tkazilgan O'zbekiston-Vengriya rektorlarining uchinchi forumida oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Samarqand shahrida o'tkazilgan O'zbekiston-Vengriya rektorlarining uchinchi forumi "Raqamli davrda oliy ta'lim: sun'iy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar" mavzusiga bag'ishlandi. Tadbirda ikki davlatning oliy ta'lim sohasi mas'ullari hamda yetakchi universitetlar rahbarlari ishtirok etdi.
Hamkorlikning yangi bosqichi
Anjumanning ochilish marosimida O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov, Vengriya rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli, Vengriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jozef Rozsa hamda Obuda universiteti rektori Levente Kovach so'zga chiqdi. 2017-yilda imzolangan hukumatlararo bitim ikki davlat o'rtasidagi ta'lim va ilm-fan aloqalarini rivojlantirishda muhim poydevor bo'layotgani ta'kidlandi.
Vazir Qo'ng'irotboy Sharipovning ta'kidlashicha, dastlab hamkorlik akademik dasturlar hamda talaba-o'qituvchilar almashinuvidan iborat bo'lgan. 2019/2020 o'quv yilidan boshlab Vengriya hukumati "Stipendium Hungarichum" dasturi doirasida ta'lim grantlarini ajrata boshlagan. Dastlab 30 ta stipendiya o'rni ajratilgan bo'lsa, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab kvotalar soni 200 taga yetkazildi. Bugungi kunda O'zbekistonning 50 dan ortiq oliy ta'lim muassasasi Vengriyaning 30 dan ziyod universiteti va ilmiy tashkilotlari bilan 100 ga yaqin bitim va memorandumlar asosida hamkorlik qilib kelmoqda.
Shuningdek, axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, muqobil energiya, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va ekologiya yo'nalishlaridagi 17 ta startap loyiha moliyalashtirilgan.
Muhokama qilingan masalalar va yangi shartnomalar
Forum doirasida ta'limga sun'iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, innovatsion modellar, qo'shma laboratoriyalar tashkil etish, texnologiyalar transferi hamda universitet va sanoat hamkorligini kuchaytirish masalalari ko'rib chiqildi. Yalpi majlis va parallel sessiyalarda zamonaviy oliy ta'limni rivojlantirish bo'yicha taqdimotlar o'tkazildi.
Tadbir yakunida O'zbekiston va Vengriya OTMlari o'rtasida 20 dan ortiq yangi hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bu kelishuvlar qishloq xo'jaligi, muhandislik, axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, energetika, tibbiyot va pedagogika yo'nalishlarida qo'shma ta'lim hamda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Vengriya delegatsiyasi safar davomida Samarqanddagi oliy ta'lim muassasalari faoliyati bilan ham tanishdi.
Manba: UzA



