Samarqandda umumiy mukofot jamg'armasi 577 million so'mlik “Yil o'qituvchisi” tanlovi o'tkazilmoqda
Samarqand viloyatida jami 577 million so'mlik mukofot jamg'armasiga ega “Yil o'qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi boshlandi.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan Samarqand viloyatida “Yil o'qituvchisi” ko'rik-tanlovining navbatdagi, ikkinchi bosqich bahslari tashkil etildi. Ushbu bosqichda 2025-yilning avgust-dekabr oylarida o'tkazilgan malaka sinovlari natijalariga integratsiya qilingan birinchi bosqichda eng yuqori natija ko'rsatgan 48 nafar pedagog qatnashmoqda. Har bir tuman va shahardan uch nafardan o'qituvchi bellashayotgan mazkur jarayonlar Samarqand shahridagi 81- hamda Kattaqo'rg'on shahridagi 2-umumiy o'rta ta'lim maktablarida o'tkazilmoqda.
Baholash tartibi va shaffoflik
Ikkinchi bosqich shartlariga ko'ra, ishtirokchilar o'z fani bo'yicha ochiq dars o'tib beradi. Ularning dars o'tish mahorati hakamlar hay'ati tomonidan 60 ballik tizimda, tuman yoki shahardagi boshqa pedagoglarning ovoz berishi orqali esa 40 ballik tizimda baholanadi. O'qituvchilarning 45 daqiqalik dars jarayoni to'liq, uzluksiz va montaj qilinmagan holda videokameraga yozib olinib, pedagog.uzedu.uz maxsus platformasiga joylashtirilmoqda. Barcha sinovlar shaffof tarzda tashkil etilib, dars mashg'ulotlari platformada e'lon qilib borilmoqda.
Keyingi bosqich va mukofotlar
Nizom talablariga muvofiq, hakamlar hay'ati hamda pedagoglar bergan ballar umumlashtirilib, har bir tuman va shahardan eng ko'p ball to'plagan 2 nafardan o'qituvchi uchinchi bosqichga yo'llanma oladi. Joriy yilning aprel-may oylarida o'tkaziladigan uchinchi bosqichda nomzodlarning ma'naviy-ma'rifiy faoliyati va kitobxonligi taqdimot asosida baholanadi. Tanlov nizomiga ko'ra, har bir tuman va shahar bo'yicha birinchi o'rinni qo'lga kiritgan g'olib pedagoglarga bazaviy hisoblash miqdorining 1400 baravari, ya'ni 576 million 800 ming so'm miqdorida pul mukofoti beriladi.
Manba: UzA


