Sayxunobod tumanidagi maktab kutubxonalari yangi badiiy adabiyotlar bilan boyitildi
Yangi o'quv yili arafasida Sayxunobod tumanidagi ikkita umumta'lim maktabi kutubxonalariga 350 turdagi yangi badiiy adabiyotlar topshirildi.

Yangi o'quv yili boshlanishi oldidan Sayxunobod tumanida ta'lim muassasalaridagi ma'naviy-ma'rifiy muhitni yanada yaxshilash, o'quvchilarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularni kitobxonlikka keng jalb qilish borasida amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Kutubxonalarga topshirilgan yangi adabiyotlar
Jumladan, tumandagi 1- va 2-sonli umumta'lim maktablari kutubxonalariga 350 turdagi yangi badiiy adabiyotlar yetkazib berildi. Ushbu tashabbus tuman hokimi Komiljon Mullajanov va tuman prokurori Bekmurod Qurbonov rahbarligida amalga oshirildi. Maktab kutubxonalari fondini boyitish o'quvchilarning mutolaa imkoniyatlarini kengaytirish, mustaqil fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish hamda dunyoqarashini yuksaltirishda xizmat qiladi.
Taqdim etilgan kitoblar orasida jadid bobolarimiz merosi, o'zbek adabiyoti namoyandalarining sara asarlari, shuningdek, jahon adabiyotining mashhur vakillari qalamiga mansub nodir namunalar o'rin olgan. Bu esa o'quvchilarning qiziqish va ehtiyojlarini qondirish, ularni milliy va jahon adabiyoti durdonalari bilan tanishtirish imkonini beradi.
Mutolaa muhiti va yoshlar rivoji
Ta'lim sifatini oshirishda maktabning moddiy-texnik bazasi bilan bir qatorda ma'naviy muhiti ham muhim o'rin tutadi. Kutubxona o'quvchining bilim olishi va bo'sh vaqtini foydali o'tkazishi uchun asosiy maskan hisoblanadi. Yangi adabiyotlar yoshlarning kitobga bo'lgan mehrini oshirish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim amaliy qadamdir.
Maktab o'quvchisi Sevinch Ibragimovaning so'zlariga ko'ra, kutubxonaga keltirilgan yangi kitoblar yordamida o'quvchilar nafaqat darslarda olgan bilimlarini mustahkamlaydi, balki qiziqqan sohalari bo'yicha qo'shimcha ma'lumotlar olish, turli davrlar hayoti bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Manba: UzA


