Sertifikati yo'q xorijiy til o'qituvchilariga qachongacha imkoniyat beriladi?
Maktablardagi xorijiy til o'qituvchilaridan B2 darajadagi sertifikat talab etilishi va uning muddatlari haqida ma'lumot berildi.

Bugungi kunda xorijiy tillarni o'zlashtirish kasbiy rivojlanishning asosiy shartlaridan biriga aylangan. Amaldagi qonunchilik talablariga ko'ra, umumiy o'rta ta'lim muassasalarining chet tili o'qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga mos xalqaro sertifikatga ega bo'lishi shart. Mazkur talabni bajarish muddati jamoatchilik va pedagoglarning murojaatlarini inobatga olib, avvalroq bir necha bor uzaytirilgan edi.
O'qituvchilarga yaratilgan sharoitlar
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan o'qituvchilarning sinovlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida hududlarda bepul oflayn va onlayn o'quv mashg'ulotlari yo'lga qo'yilgan. Mutaxassislar jalb etilgan ushbu darslar natijasida 2025 yilning sentyabr-dekabr oylarida 5 mingdan ortiq pedagog kerakli sertifikatlarni qo'lga kiritdi. Bu o'qituvchilarga nafaqat dars sifatini oshirish, balki qo'shimcha ustamalar olish imkonini ham bermoqda.
Mehnat faoliyatini davom ettirish masalasi
Vazirlik tomonidan tayyorlov kurslari davom ettirilishi ma'lum qilindi. Shuningdek, hali ham tegishli B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo'lmagan pedagoglarga 2026-2027-o'quv yili boshlanguniga qadar vaqt beriladi.
Manba: UzA


