Sirdaryo viloyatida yangi o'quv yilida ta'lim sifati va davomatni yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi
Sirdaryo viloyatida o'tkazilgan matbuot anjumanida yangi o'quv yilida ta'lim sifati, o'quvchilar davomati va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Sirdaryo viloyati ta'lim muassasalarining joriy ko'rsatkichlari
Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida jami 351 ta ta'lim muassasasi faoliyat yuritib, ularda 168 ming 29 nafar o'quvchi tahsil olmoqda. Ushbu o'quvchilarning 158 ming 905 nafari 314 ta umumiy o'rta ta'lim maktabida, 3 ming 419 nafari 12 ta ixtisoslashtirilgan maktabda o'qimoqda. Shuningdek, Prezident maktabida 143 nafar, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida 168 nafar hamda 23 ta nodavlat maktabda 5 ming 394 nafar bola bilim olmoqda.
2026–2027 o'quv yilida viloyat bo'yicha 19 ming 566 nafar bola birinchi sinfga qabul qilindi. Ularning 19 ming 35 nafari davlat maktablariga, 531 nafari esa nodavlat ta'lim muassasalariga bordi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasida o'tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.
Ta'lim sifatini oshirish va individual yondashuv
Tadbirda ta'kidlanishicha, ta'limdagi asosiy mezon qamrov emas, balki natijadir. O'tgan o'quv yilida 310 ta maktabda baholashning yangi tizimi joriy etilishi natijasida ta'lim samaradorligi 10,2 foizga oshgani qayd etildi. Yangi o'quv yilida har bir o'quvchining natijasi individual monitoring qilinadi. Bilimida bo'shliqlari bor o'quvchilar bilan manzilli ishlab, yuqori natija ko'rsatayotgan yoshlarni qo'llab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.
Shuningdek, o'quvchilarni PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash ishlari davom ettiriladi. Fan olimpiadalarida 32 ming nafardan ziyod o'quvchining qatnashgani yoshlarning salohiyatini ko'rsatadi. O'zlashtirishi past bo'lgan maktablarda muammoning sabablari o'rganilib, aniq chora-tadbirlar belgilanadi va ularning samarasi qayta tekshiriladi.
Davomatni nazorat qilish va ota-onalar bilan hamkorlik
Ta'lim natijalari bilan chambarchas bog'liq yana bir masala — bu o'quvchilar davomati. Darsda bo'lmagan o'quvchi bilim olish jarayonidagi muhim bosqichni o'tkazib yuboradi. Shu bois yangi o'quv yilida davomatni kunlik monitoring qilish, uzrli va uzrsiz qoldirilgan darslarni hisobga olish, darslarga qatnashmayotganlar bilan individual ishlash tizimi kuchaytiriladi.
Bu jarayonda o'quvchini jazolash emas, sababini aniqlab ta'limga qaytarish asosiy maqsad etib belgilangan. O'quvchining oilaviy sharoiti o'rganilib, ota-ona, sinf rahbari, maktab rahbariyati va mahalla hamkorligida zarur choralar ko'riladi.
Manba: UzA


