Surxondaryoda maktablarni ta'mirlash uchun besh milliard so'mdan ortiq mablag' ajratildi
Surxondaryo viloyatida ta'lim dargohlarini yangi o'quv yiliga tayyorlash va pul yig'imlarining oldini olish maqsadida mahalliy byudjetdan mablag' ajratildi.

Surxondaryo viloyatining mahalliy byudjeti hisobidan ta'lim muassasalarini 2026-2027 o'quv yiliga sifatli joriy ta'mirlash hamda asossiz pul yig'imlarining oldini olish uchun 5 milliard so'mdan ziyod mablag' yo'naltirildi. Bu mablag' evaziga xarid qilingan o'n turdagi zarur qurilish materiallari viloyatdagi 978 ta umumta'lim maktabiga topshirildi. Mazkur jihozlar sinfxonalar, yo'laklar, sanitariya xonalari va boshqa infratuzilma inshootlarini ta'mirlash ishlariga sarflanishi rejalashtirilgan va maktablarni joriy ta'mirlash ishlari kelgusi oyda boshlanishi belgilangan.
Ta'lim infratuzilmasini yaxshilash ishlari
Qurilish materiallarini topshirish marosimida viloyat hokimi Ulug'bek Qosimov onlayn tarzda qatnashib, mamlakatda ta'lim sohasini isloh qilish, yoshlarga munosib sharoit yaratish hamda o'qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishga qaratilayotgan e'tibor xususida to'xtaldi. Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida viloyatda 41 ta loyiha amalga oshirilib, to'rtta yangi maktab qurildi, ikkita maktab mukammal ta'mirdan chiqarildi va 35 tasi rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, mahalliy byudjetdan ta'mirga muhtoj bo'lgan 8 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti va 24 ta umumta'lim maktabining qiyofasi tubdan o'zgartirildi. Ayni paytda "Tashabbusli byudjet" loyihasining birinchi mavsumiga kiritilgan 29 ta maktabda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda.
Zamonaviy texnologiya va kasb-hunar ta'limi
Ta'lim sifatini oshirish va raqamli muhitni rivojlantirish maqsadida davlat byudjeti hisobidan 97 ta maktabga 18 milliard 721 million so'mlik 1 ming 649 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi yetkazib berildi. "Tashabbusli byudjet" doirasida yana to'rtta maktabga 310 ta kompyuter olib kelindi. Shuningdek, 146 ta umumta'lim maktabi 2 milliard 978 million so'mlik o'quv-laboratoriya va texnik jihozlar bilan ta'minlandi. "Mening maktabim" loyihasida qatnashgan 978 ta maktabga 984 ta zamonaviy elektron doska o'rnatildi.
O'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish maqsadida yakunlanayotgan o'quv yilida 15 ta maktabda kasb o'rgatish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Jumladan, 30 ta maktabdagi 10-11-sinflarning 3 ming nafar o'quvchisi 10 turdagi kasb-hunarni o'rganishi uchun zarur o'quv jihozlari va xomashyo bilan ta'minlandi.
Manba: UzA


