Ta'lim muassasalarida zo'ravonlik holatlari yuzasidan pedagoglar javobgarlikka tortildi
Bola huquqlarini ta'minlash va zovonlik holatlarini o'rganish natijasida qator jinoyat va ma'muriy ishlar qo'zg'atildi, shuningdek pedagoglarga intizomiy choralar ko'rildi.
Bola huquqlarini ta'minlash davlat siyosatining asosiy strategik yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. 2025 yilda mamlakatimiz milliy qonunchiligida bola huquqlariga daxldor 50 taga yaqin qonun hujjatlari qabul qilingan.
Murojaatlar va internet monitoringi natijalari
Ombudsman taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, kelib tushgan murojaatlarni o'rganish davomida bolalarga nisbatan sodir etilgan zo'ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi va 26 ta ma'muriy ish qo'zg'atilgan. Shuningdek, 20 ta jinoyat ishini qo'zg'atishni rad etish haqidagi qarorlar bekor qilinib, qo'shimcha tergovga qadar tekshiruv o'tkazish uchun qaytadan yuborilgan.
Bundan tashqari, internet tarmog'ida o'tkazilgan monitoring natijasida bola huquqlari buzilishiga oid aniqlangan holatlar bo'yicha 23 ta jinoyat ishi va 28 ta ma'muriy ish ochilishi ta'minlangan.
Pedagoglarning javobgarligi
Ta'lim muassasalarida o'quvchilarga nisbatan jismoniy zo'ravonlik ishlatgan hamda o'z kasbiy vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashgan 6 nafar pedagog ma'muriy javobgarlikka tortilgan. O'quvchilarga nisbatan qo'pol xatti-harakatlar sodir etgani uchun esa 15 nafar pedagogga intizomiy jazo choralari qo'llanilgan.
Shu bilan birga, bolaning sha'ni va qadr-qimmatini poymol qilgan 2 nafar fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortilgani, qonunbuzarlikka yo'l qo'ygan huquqni muhofaza qiluvchi organning 2 nafar xodimiga nisbatan ham intizomiy jazo qo'llanilgani ma'lum qilindi. Yig'ilish yakunida bola huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish bo'yicha takliflar bildirildi.
Manba: Kun.uz


