Toshkent davlat yuridik universiteti va Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi hamkorlik qiladi
Toshkent davlat yuridik universiteti va Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o'rtasida memorandum imzolandi.

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzoladi. Ushbu kelishuv zamonaviy bozor munosabatlari sharoitida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yaxshilash, jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish va ta'lim hamda amaliyot integratsiyasini ta'minlashga qaratilgan.
Hamkorlikning asosiy yo'nalishlari
- Yuridik ta'lim jarayoniga amaliy ko'nikmalarni keng joriy etish;
- Sohada qo'shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
- Aholi o'rtasida huquqiy targ'ibot tadbirlarini tashkil etish.
Shuningdek, hujjatda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash va ularning amaliy tajribasini oshirish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilgan. Ushbu kelishuv natijasida talabalar uchun Federatsiya tizimida amaliy tajriba orttirish imkoniyatlari kengayib, sohadagi dolzarb masalalarni ilmiy va amaliy jihatdan hal etish uchun mustahkam zamin yaratiladi. Mazkur tashabbus aholining iste'molchilik huquqlari bo'yicha xabardorligini oshirish, ularni samarali himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda mamlakatda huquqiy davlatchilikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA



