Toshkent davlat yuridik universitetining ikkita yo'nalishiga qabul jarayonida IQ testi joriy etildi
TDYuUning ayrim bakalavriat yo'nalishlariga qabul qilishda IQ test sinovlarini o'tkazish tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 iyundagi 350-son qarori bilan Oliy ta'lim tashkilotlarining bakalavriatiga qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizomga IQ test o'tkazishga oid o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga ko'ra, mantiqiy fikrlash testlari Toshkent davlat yuridik universitetining «Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik» hamda «Raqamli huquq» ta'lim yo'nalishlariga kirish jarayonida qo'llaniladi. Abituriyentlar ro'yxatdan o'tish chog'ida huquq sohasi bo'yicha sinovlar bilan bir qatorda IQ testini topshirishni ham tanlashlari lozim. Mazkur sinovlar har yili 10 iyulga qadar TDYuU va uni o'tkazuvchi hamkor xorijiy tashkilot o'rtasidagi shartnoma asosida tashkil etiladi.
Qarorga asosan, intellekt darajasini aniqlash testlarini o'tkazish va ularning natijalarini baholash jarayoni hamkor xorijiy tashkilot talablariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan abituriyentlargina OTM va bakalavriat yo'nalishlarini tanlash bosqichida ko'rsatilgan ikki yo'nalishni tanlash imkoniyatiga ega bo'ladi.
Shu bilan birga, mazkur ta'lim yo'nalishlariga hujjat topshiruvchi talabgorlardan chet tili bo'yicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat mavjud bo'lishi talab etiladi.
Manba: Kun.uz
