Toshkent shahri delegatsiyasi Finlyandiya va Estoniya ta'lim tajribasini o'rganmoqda
Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi Finlyandiya va Estoniyada bolalar bog'chasi va maktab ta'limi tizimi bilan tanishmoqda.

Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi a'zolari Finlyandiya hamda Estoniya Respublikalari poytaxtlarida ta'lim, yoshlar siyosati va ijtimoiy himoya yo'nalishlaridagi ilg'or tajribalarni o'rganish uchun xizmat safarini amalga oshirmoqda.
Xelsinkidagi ilk uchrashuvlar
Finlyandiyaning Xelsinki shahridan boshlangan safarning birinchi kunida delegatsiya vakillari Meri bolalar bog'chasi hamda Vattuniyemi boshlang'ich maktabi faoliyatini yaqindan ko'zdan kechirdi. Uchrashuvlar chog'ida Xelsinki shahrida ijtimoiy rivojlanish sohasida siyosiy qarorlar qabul qilish, moliyaviy ustuvorliklarni belgilash mexanizmlari, shuningdek, maktabgacha va maktab ta'limi modeli yuzasidan batafsil taqdimotlar o'tkazildi.
Kelgusi rejalar
Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida Xelsinki shahrining strategik rivojlanish yo'nalishlari, jumladan, 2025 - 2029-yillarga mo'ljallangan ustuvor vazifalar haqida ham taqdimotlar tashkil etildi.
Delegatsiya a'zolarining mazkur davlatlardagi xizmat safari 22-mayga qadar davom etadi. Shu vaqt ichida ular ta'lim, yoshlar siyosati hamda ijtimoiy himoya sohalaridagi amaliy tajribalarni o'rganib, Toshkent shahrida tatbiq etish mumkin bo'lgan samarali yondashuvlar yuzasidan o'zaro muloqotlar olib boradi.
Manba: UzA


