Toshkent viloyatida oliy o'quv yurti bitiruvchilarining bandligini ta'minlash choralari ko'rildi
Toshkent viloyatidagi OTMlarda bitiruvchi yoshlarning bandligini ta'minlash va ularni bo'sh ish o'rinlariga yo'naltirishga bag'ishlangan uchrashuvlar hamda mehnat yarmarkalari o'tkazildi.

Prezident topshirig'iga asosan har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda yoshlar kuni etib belgilangan bo'lib, unga ko'ra mas'ul rahbarlar ta'lim muassasalariga borib yoshlarning muammolarini hal qilish choralarini ko'radi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Toshkent viloyatida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta'minlash masalalariga bag'ishlangan uchrashuvlar tashkil etildi.
Toshkent davlat agrar universitetidagi muloqot
Toshkent davlat agrar universitetida bitiruvchilarning bandligini ta'minlashga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Unda viloyat hokimi o'rinbosari O. Sultonbekov, OTM rahbariyati, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari qatnashdi. Yig'ilishda yoshlarni o'z mutaxassisligi bo'yicha ish bilan ta'minlash, hududlardagi bo'sh ish o'rinlariga yo'naltirish hamda ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari tahlil qilindi. Shuningdek, dual ta'lim tizimini keng joriy etish orqali talabalarni o'qish davridayoq amaliy faoliyatga jalb etish muhimligi ta'kidlandi.
Chirchiq davlat pedagogika universitetidagi uchrashuv va yarmarka
Chirchiq davlat pedagogika universitetida ham yoshlar va soha rahbarlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o'rinbosari Jamshid Bobojonov, viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Shukur Burxonov hamda boshqa mas'ullar ishtirok etdi. Muloqot davomida yoshlarning takliflari tinglanib, bo'sh ish o'rinlari haqida ma'lumotlar taqdim etildi.
Tadbirdan so'ng o'tkazilgan "Mehnat yarmarkasi"da bitiruvchi yoshlar ish bilan ta'minlandi. Ma'lum qilinishicha, Chirchiq davlat pedagogika universitetida Toshkent viloyatida yashovchi jami bitiruvchilar 2 ming 352 nafarni tashkil etadi. Yarmarkada 353 nafar bitiruvchi talaba ish bilan ta'minlanib, O'rta Chirchiq, Parkent, Oqqo'rg'on, Yangiyo'l, Bekobod, Quyi Chirchiq, Zangiota, Bo'stonlik tumanlari, Olmaliq va Chirchiq shaharlaridagi ta'lim tashkilotlari bilan mehnat shartnomasi tuzildi.
Manba: UzA



