Jarqo'rg'onlik iqtidorli o'quvchi qiz oliy ta'limga grant asosida qabul qilinadi
Prezident tashrifidan so'ng Surxondaryodagi maktab o'quvchisiga Termiz davlat universitetiga grant asosida o'qishga kirish sertifikati topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga safari doirasida Jarqo'rg'on tumanidagi «Yangi O'zbekiston» massivida joylashgan 66-umumiy o'rta ta'lim maktabiga borib, o'qituvchilar va o'quvchi-yoshlar bilan muloqot o'tkazgan edi. Mazkur uchrashuv chog'ida davlat rahbari iqtidorli o'quvchi Feruza Jumagulova bilan ham suhbatlashib, uning rejalari bilan qiziqqandi.
Suhbat chog'ida Feruza o'zining Termiz davlat universiteti talabasi bo'lishni xohlashini aytdi. Shundan so'ng Prezident tashabbusi bilan u 2027–2028 o'quv yilidan boshlab grant asosida oliy ta'lim muassasasiga o'qishga qabul qilinishi belgilandi. Ushbu tashabbus yoshlarni qo'llab-quvvatlash va iqtidorli o'quvchilar uchun keng yo'l ochishga qaratilgan amaliy qadam sifatida e'tirof etildi.
Sertifikat topshirish marosimi
Bo'lajak talabaga maxsus sertifikatni topshirish tadbiri tashkil etildi. Unda Prezident Administratsiyasi rahbarining ta'limni isloh qilish bo'yicha o'rinbosari Ilhom Sirojev, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zozaxon Karimova, shuningdek, TerDU rektori Abduqodir Toshqulov qatnashdi. Shuningdek, tadbirda viloyat mutasaddilari, maktab jamoasi hamda o'quvchining oila a'zolari ishtirok etib, unga ezgu tilaklar bildirishdi.
Manba: UzA


