Toshkentda xalqaro standartlarga asoslangan Integratsiyalashtirilgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida yangi oliy maktab ochish taklif etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni xalqaro ta'lim standartlari asosida o'rta maxsus, kasbiy va oliy ta'lim dasturlarini joriy etish hamda nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda integratsiyalashgan ta'lim dasturlarini keng joriy etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Xorijiy tajriba va yangi oliy maktab
Ma'lum qilinishicha, qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo'shma dasturlar yo'lga qo'yilgan bo'lsa-da, ular asosan ikki oliygoh o'rtasida tashkil etilganligi sababli talabalarning ta'lim yo'nalishini erkin tanlash imkoniyati cheklangan. Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan dasturlar talabaga o'qish davomida bir nechta universitetda ta'lim olish hamda turli mamlakatlar akademik muhiti va ta'lim standartlaridan foydalanish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashtirilgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu oliy maktabda ta'lim jarayoni Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo'lga qo'yiladi. Keyingi bosqichda esa Sapiyensa, Sautgempton, Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirilgan ta'lim dasturlarini joriy etish ko'zda tutilgan.
Mustaqillik va beriladigan diplomlar
Yangi tashkil etiladigan oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Shuningdek, davlat idoralari, hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi tuziladi. Oliy maktab bitiruvchilariga O'zbekistonda to'liq tan olinadigan xorijiy hamkor oliygoh va oliy maktab diplomi berilishi belgilangan.
Bundan tashqari, oliy maktab va hamkor ta'lim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo'lgan ta'lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, rahbar kadrlar uchun strategik fikrlash, liderlik, raqamli boshqaruv, qaror qabul qilish va natijaga yo'naltirilgan boshqaruv bo'yicha malaka oshirish kurslarini tashkil etish ko'zda tutilgan.
Manba: Kun.uz



