Toshkentdagi OTMlarda talabalar "Xavfsiz talaba" ilovasini o'rnatishga majburlanmoqda
Toshkent shahridagi oliygohlarda talabalar "Xavfsiz talaba" ilovasini o'rnatishga majburlanayotgani va bu jarayon mojarolarga sabab bo'layotgani aytilmoqda.
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi Turkiy davlatlar xalqaro universitetida talabalar smartfonlariga "Xavfsiz talaba" ilovasini o'rnatishga majburlanayotgani ma'lum bo'ldi. Murojaat qilgan yoshlarning so'zlariga ko'ra, bir haftadan buyon oliy ta'lim muassasasiga kirishda ulardan ushbu dasturni yuklab olish talab etilmoqda.
Auditoriyalarga bostirib kirish holati
Joriy yilning 3-noyabr kuni Uchtepa tumani IIB boshlig'i o'rinbosari Abdurashid Ochilov boshchiligidagi guruh dars vaqtida auditoriyalarga kirib, talabalarning telefonlarini tekshirgan. Ilova o'rnatilmagan shaxslardan uni zudlik bilan yuklab olish talab qilingan.
IIB mas'uliga savol bergan talabaning qo'li qayirilib, telefoni tortib olinishga uringani aytilmoqda. Talaba ilovani o'rnatishdan bosh tortmagani, biroq uning telefoni iPhone ekani sababli APK formatdagi ilovani yuklay olmasligini tushuntirgan. Shuningdek, shaxsiy ma'lumotlar xavfsizligi haqida savol bergani uchun IIB xodimi uni 15 sutkaga qamash bilan qo'rqitgan. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan so'rovni javobsiz qoldirgan.
O'zDJTUdagi mojaro va dekaning ishdan olinishi
Shu kuni O'zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjimonlik fakulteti dekani Ulug'bek Yo'ldoshev "Xavfsiz talaba" ilovasi bilan bog'liq mojaro ortidan lavozimidan ozod etilgan.
O'zDJTU talabalarining bildirishicha, 3-noyabr kuni o'qishga kirishda ulardan ilovani o'rnatish talab qilingan va buni bajarmaganlar darslarga kiritilmagan. Oqibatda mashg'ulotlarga kech qolganlarga davomat bo'yicha "nb" qo'yilgan. Dars davomida rahbarlar va tyutorlar auditoriyalarga kirib, ilova bo'yicha e'tiroz bildirganlarga tanbeh bergani ma'lum qilingan.
Manba: Kun.uz



