Saida Mirziyoyeva Qashqadaryodagi ta'lim muassasalari holati bilan tanishdi
Prezident administratsiyasi rahbari Qashqadaryo viloyatidagi bog'cha, maktab va texnikumda yaratilgan sharoitlarni ko'zdan kechirdi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog'ida avariya holatidagi bog'chani borib ko'rdi va mavjud muammolarni kechiktirmasdan hal qilish zarurligini ta'kidladi. U bolalik kutib turmasligini va barcha masalalarni zudlik bilan hal etish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, bolalar bog'chaga qo'ygan ilk qadamidan tortib to mustaqil hayotga kirib borguniga qadar munosib muhitda ta'lim-tarbiya olishi kerakligini bildirdi.
Maktabdagi sharoitlar va texnikum yoshlari
Tashrif davomida maktabdagi holat ham o'rganildi. Ma'lum qilinishicha, mazkur ta'lim muassasasida zamonaviy laboratoriyalar, til va ijod to'garaklari tashkil etiladi. Bundan tashqari, alohida ehtiyojli bolalar uchun ham barcha qulay sharoitlar yaratilishi ko'zda tutilgan.
Saida Mirziyoyeva, shu bilan birga, Qashqadaryo ilg'or kasbiy mahorat texnikumida tahsil olayotgan yoshlarning o'qishga bo'lgan ishtiyoqi va kelajakka bo'lgan ishonchi uni behad quvontirganini alohida ta'kidlab o'tdi.
Manba: Kun.uz



