Urgutlik o'quvchilar Navoiy kon-metallurgiya kombinati va texnologiyalar universitetida bo'lishdi
Urgutlik maktab o'quvchilari "Kelajakka bugundan qadam" loyihasi doirasida Navoiy viloyatiga sayohat qilib, sanoat va ta'lim jarayonlari bilan tanishishdi.

Kelajakka bugundan qadam loyihasi
Urgut tumanidagi Abdusaid Ko'chimov kutubxonasi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamkorligida tashkil etilgan loyiha doirasida bir guruh maktab o'quvchilari Navoiy viloyatiga safar uyushtirishdi. Mazkur tashabbusdan ko'zlangan asosiy maqsad yoshlarni konchilik va metallurgiya sohalariga qiziqtirish, ishlab chiqarish hamda ilm-fan integratsiyasini rivojlantirishdan iboratdir.
Hozirgi kunda kombinat tizimida faoliyat yuritayotgan 51 mingkishining 12 ming nafari yoki 22 foizini 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil qiladi. Sayohat davomida o'quvchilar dastlab Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bo'lib, o'quv jarayonlari va zamonaviy laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Universitet imkoniyatlari va talabalar
Bugungi kunda mazkur oliygohda 10 ming 798 nafar talabaga 441 nafar pedagog ta'lim bermoqda. Ilmiy salohiyat 57,4 foizni tashkil etadi. Universitetda 6 ta fakultet mavjud bo'lib, 27 ta bakalavriat va 23 ta magistratura yo'nalishida kadrlar tayyorlanadi. Shuningdek, ishtirokchilar iqtidorli talabalarning ixtiro va startap loyihalari ko'rgazmasini ham ko'zdan kechirdilar.
Tadbir doirasida "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ Boshqaruv raisi - Bosh direktori, senator Quvondiq Sanoqulov hamda O'zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Ko'chimov ishtirokida ochiq muloqot o'tkazildi. Uchrashuv yakunida Abdusaid Ko'chimov kutubxonasi, Urgut tumanidagi 37-umumta'lim maktabi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o'rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi.
Muzeyga sayohat
Shundan so'ng o'quvchilar "Farhod" madaniyat saroyida joylashgan "NKMK tarixi" muzeyiga tashrif buyurib, mamlakatimiz konchilik sanoatining shakllanish tarixi va taraqqiyot bosqichlari haqida qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'ldilar.
Manba: UzA



