Urgutlik maktab o'quvchilari Navoiy konchilik va texnologiyalar universitetiga tashrif buyurdi
Urgutlik bir guruh o'quvchilar Navoiy viloyatiga sayohat qilib, konchilik va metallurgiya sohalari hamda oliy ta'lim jarayonlari bilan tanishdi.

Kelajakka bugundan qadam
Urgut tumanidagi Abdusaid Ko'chimov kutubxonasi hamda Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamkorligida tashkil etilgan loyiha doirasida bir guruh maktab o'quvchilari Navoiy viloyatiga sayohat uyushtirdi. Mazkur tashabbus yoshlarda konchilik va metallurgiya sohalariga bo'lgan qiziqishni oshirish, ularni mazkur yo'nalishlarda bilim olish hamda kasb egallashga raqbatlantirishga qaratilgan.
Bugungi kunda kombinat tizimida 51 ming kishi mehnat qilmoqda va ularning 12 ming nafari 30 yoshgacha bo'lgan yoshlardir.
Universitet faoliyati bilan tanishuv
O'quvchilar dastlab Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida bo'lib, o'quv jarayonlari va zamonaviy laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdilar. Hozirda mazkur oliygohda 10 ming 798 nafar talabaga 441 nafar pedagog ta'lim bermoqda. Ilmiy salohiyat 57,4 foizni tashkil etib, universitetda 6 ta fakultet, 27 ta bakalavriat va 23 ta magistratura yo'nalishi mavjud.
Tashrif davomida o'quvchilarning o'ndan ortig'i tegishli milliy sertifikatlarga ega ekanligi ma'lum bo'ldi. Shuningdek, ishtirokchilar iqtidorli talabalarning ixtiro va startap loyihalari ko'rgazmasini ko'zdan kechirdilar.
Senatorlar va yoshlar uchrashuvi
Universitetning majlislar zalida Navoiy kon-metallurgiya kombinati AJ boshqaruv raisi – bosh direktori, O'zbekiston Qahramoni, senator Quvondiq Sanoqulov hamda O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko'chimov ishtirokida ochiq muloqot o'tkazildi. Tadbir doirasida Abdusaid Ko'chimov kutubxonasi, Urgut tumanidagi 37-umumta'lim maktabi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o'rtasida uch tomonlama memorandum imzolandi.
Sayohat yakunida o'quvchilar "Farhod" madaniyat saroyida joylashgan "NKMK tarixi" muzeyiga tashrif buyurib, mamlakatimiz konchilik sanoatining shakllanish tarixi va taraqqiyot bosqichlari haqida ma'lumotlarga ega bo'ldilar.
Manba: UzA



