Universitetlar ortda qolmoqda: talabalar kundalik o'qishda sun'iy intellektdan qanday foydalanmoqda?
Yangi tadqiqotlarga ko'ra, talabalar o'qish jarayonida sun'iy intellektdan faol foydalansada, universitetlar qoidalari va aniq ko'rsatmalari yetishmayapti.
Lumina Foundation va Gallup tashkilotlarining State of Higher Education Study 2026 tadqiqot natijalariga ko'ra, sun'iy intellekt texnologiyalari ko'pchilik amerikalik talabalar uchun kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangan. Biroq, bu amaliyot va oliy o'quv yurtlarining rasmiy qoidalari o'rtasidagi tafovut tobora kuchayib bormoqda.
Olingan ma'lumotlarga tayanilsa, talabalarning 57 foizi o'quv jarayonida sun'iy intellektdan haftasiga bir necha marta yoki undan ko'proq foydalanishini bildirgan, ulardan 20 foizi esa har kuni murojaat qiladi. Shuningdek, respondentlarning 64 foizi topshiriqni tushunmagan holatlarda, 60 foizi uy vazifalari javoblarini tekshirishda, 54 foizi matnlarni tahrirlash va yaxshilashda hamda 49 foizi kurs ishlari va insholar uchun g'oyalar yaratish maqsadida undan foydalanishini qayd etgan.
Statistikaga ko'ra, erkaklar sun'iy intellekt vositalaridan ayollarga qaraganda faolroq foydalanishmoqda (har kuni foydalanish ko'rsatkichi mos ravishda 27 foiz va 17 foizni tashkil etadi). Bu texnologiyalar ayniqsa biznes, axborot texnologiyalari va muhandislik yo'nalishlari talabalari orasida ommalashgan.
Universitet siyosati va reallik
- Talabalarning 53 foizi oliy o'quv yurti sun'iy intellektni taqiqlashi (11 foiz) yoki undan foydalanishni tavsiya qilmasligini (42 foiz) ma'lum qilgan.
- Talabalarning atigi 7 foizigina o'qish joyi sun'iy intellekt bilan ishlashni rag'batlantirishini ta'kidlagan.
- Olingan ma'lumotlarga ko'ra, 50 foizdan ortiq talaba ta'lim jarayonida sun'iy intellekt bo'yicha aniq qoidalar umuman yo'qligini tan olgan.
Shunga o'xshash holatlar boshqa davlatlarda ham kuzatilmoqda. Stanford HAI AI Index 2026 ma'lumotlariga ko'ra, AQShda talabalarning 80 foizdan ortig'i, Buyuk Britaniyada esa 95 foizi baholash ishlari uchun sun'iy intellektdan faol ravishda foydalanib kelmoqda.
Mutaxassislar va xavotirlar
Bir tomondan, talabalar o'zlashtirish darajasining real o'sishi va vaqt tejalishini ta'kidlashmoqda. Boshqa tomondan, mutaxassislar "soxta mahorat" xavotirlari ko'payib borayotganini bildirishmoqda. Agar texnologiya o'chirilgan taqdirda, ayniqsa imtihon paytida, sun'iy intellekt yordamida olingan ko'nikmalar yo'qolib qolishi mumkinligi ta'kidlanmoqda.
Manba: Kun.uz



