Urganch davlat universiteti rektori iqtidorli talabalar bilan ochiq osmon ostida muloqot o'tkazdi
Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova iqtidorli talabalar bilan norasmiy muhitda uchrashdi.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova iqtidorli talabalar bilan ochiq osmon ostida samimiy muloqot tashkil etdi.
Samimiy muloqot va velosipedda sayr
Uchrashuv avvalida rektorning yoshlar bilan birgalikda velosipedda sayr qilgani talabalar uchun erkin muhit yaratishga xizmat qildi. Suhbat davomida talabalik yillarida vaqtni to'g'ri taqsimlash, aniq maqsad sari intilish, ilm olish, doimiy izlanish va o'z ustida ishlash hamda to'g'ri do'st tanlash kabi muhim mavzularda fikr almashildi. O'z navbatida, yoshlar ham o'zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, o'zlarining taklif va tashabbuslarini bildirdilar.
Unutilmas taassurotlar
Talabalardan biri Sabina Ollashukurovaning ta'kidlashicha, bilim maskani bag'rida, musaffo osmon ostida o'tgan muloqotda ular o'zlarining orzu intilishlari, yangi tashabbuslari va takliflarini rektorga erkin bayon qilishgan. Tadbir davomida birgalikda qo'shiqlar kuylangan. Sho'x kuy-qo'shiqlar va qiziqarli intellektual o'yinlar barchaga ko'tarinki kayfiyat baxsh etib, unutilmas taassurotlar ulashdi.
Manba: UzA



