Urganch davlat universitetida talaba-qizlar ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi
Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamova Urganch davlat universiteti talaba-qizlari bilan muloqot qildi.

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi Zulayho Mahkamova Urganch davlat universitetida talaba-qizlar bilan uchrashuv o'tkazdi.
Ta'lim va faollik masalalari
Rahbar va yoshlar muloqotida mamlakatimizda yoshlarning, xususan, qizlarning sifatli ta'lim olishi, kasb-hunar egallashi va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi. Shuningdek, qizlarning yetakchilik salohiyatini yuksaltirish, davlat hamda jamoat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, gender tengligini ta'minlash va huquqiy ongni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbir davomida xotin-qizlarning jamiyatda o'z o'rnini topishi, puxta bilim olishi va kasb egallashi uchun yaratilayotgan sharoitlar o'zining amaliy natijalarini berayotgani ta'kidlandi.
Oilaviy hayot va mas'uliyat
Suhbat chog'ida Bosh vazir o'rinbosari qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalasiga ham to'xtalib o'tdi. Xususan, erta nikohning salbiy oqibatlari haqida gapirilib, oila qurishda hayotiy tajriba va mas'uliyatni chuqur his etish muhimligi ta'kidlandi.
Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi, talaba Iroda Rahimova bu kabi uchrashuvlar yoshlar uchun katta hayotiy saboq bo'lishini qayd etib, xotin-qizlar ta'limiga qaratilayotgan e'tibor hamda yaratilayotgan grantlar zimmadagi mas'uliyatni yanada oshirishini bildirdi. Ochiq ruhda o'tgan muloqotda talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollar va fikr-mulohazalar bilan faol qatnashdi.
Manba: UzA



