Vosiq xalqaro maktabining Tutzor filiali ochildi
Tutzor mahallasida 1,5 ming o'quvchiga mo'ljallangan Vosiq xalqaro maktabining yangi filiali ish boshladi.
Tutzor mahallasida Vosiq xalqaro maktabining yangi filiali o'z faoliyatini boshladi. Zamonaviy majmua maktab va maktabgacha ta'lim bo'limini o'z ichiga oladi. Ta'lim maskani 1500 nafar o'quvchiga va 360 nafar tarbiyalanuvchiga mo'ljallangan.
O'quv jarayoni va imkoniyatlar
Yangi filialda bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichiga mos ravishda ta'lim berish ko'zda tutilgan. Dasturlarda xorijiy tillar, aniq hamda tabiiy fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga, shuningdek, xalqaro tajribaga ega pedagoglarni jalb etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'quvchilar uchun IB (International Baccalaureate) dasturi asosida bilim olish, fizika, kimyo va biologiya fanlarini chuqur o'rganish imkoniyatlari yaratilgan bo'lib, bu kelajakda tibbiyot yo'nalishini tanlashga tayyorgarlik ko'rishga xizmat qiladi.
Maktabning rasmiy ma'lumotlariga ko'ra, ta'lim tizimida o'quvchilarning qiziqishlari, ijodiy salohiyati va individual qobiliyatlarini hisobga olish, muloqot, tahliliy hamda mantiqiy fikrlash ko'nikmalarini rivojlantirish muhim o'rin tutadi. Eslatib o'tamiz, mazkur ta'lim muassasasi ilk bor 2017-yilda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi Do'mbirobod mahallasida o'z faoliyatini boshlagan edi.
Ochilish marosimi
Tutzor filialining ochilishiga bag'ishlangan tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, tuman hokimi Sardorbek Ergashev, ta'lim sohasi vakillari, ustozlar, ota-onalar, o'quvchilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Manba: Kun.uz


