Xorazmda Lyaoning pedagogika universiteti filiali ochilib, ilk talabalar grant asosida o'qitiladi
Xorazm viloyatida tashkil etilayotgan Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filialida o'quv jarayoni 2026/2027 o'quv yilidan boshlanadi.
Prezident qaroriga muvofiq, Xitoy Xalq Respublikasining Lyaoning pedagogika universiteti filiali Xorazm viloyatida o'z faoliyatini boshlaydi. Mazkur ta'lim maskanida o'qish jarayonlari 2026/2027 o'quv yilidan yo'lga qo'yiladi. Darslar o'zbek, xitoy yoki ingliz tillarida olib borilishi belgilangan bo'lib, talabalar uchun kunduzgi va muqobil ta'lim shakllari joriy etiladi.
Imtiyozli qabul va grantlar
Qabul qilingan talabalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida muhim shartlar belgilandi. Jumladan, 2030/2031 o'quv yiliga qadar o'qishga qabul qilingan barcha yoshlar ta'lim olishning butun davri davomida to'liq davlat granti asosida o'qitiladi. 2030/2031 o'quv yilidan boshlab esa qabul parametrlarining 30 foizi davlat granti asosida shakllantirilishi ko'zda tutilgan.
Amaliyot va dual ta'lim
Filialda tahsil oladigan talabalarning amaliyot o'tash jarayonlariga ham alohida e'tibor qaratiladi. O'quv rejalariga muvofiq, talabalar hududdagi ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish korxonalarida, jumladan, dual ta'lim shakli asosida o'z malakalarini oshiradilar.
Manba: Kun.uz



