Yangi o'quv yili boshlandi: maktablarda ilk qo'ng'iroq chalinib, Prezident sovg'alari tarqatildi
Mamlakatimiz maktablarida yangi o'quv yili boshlanib, ilk bor qadam qo'ygan o'quvchilarga Prezident sovg'alari topshirildi.

Yurtimizda bu yilgi "Birinchi qo'ng'iroq" tadbirlari “Yagona Vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etildi. Xususan, poytaxtimizdagi Mirobod tumanining 154-maktabida o'tkazilgan bayram tadbiri davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi. Shundan so'ng davlatimiz rahbarining o'quvchilar va ustoz-murabbiylarga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi hamda sohada kutilayotgan o'zgarishlar haqida fikr yuritildi.
Maktab ostonasiga ilk bor qadam qo'yayotgan 130 nafar jajji bolajonni kutib olish jarayoni o'ta hayajonli kechdi. Ota-onalarning quvonchi, sahna ko'rinishlari va ijro etilgan kuy-qo'shiqlar bayramga o'zgacha fayz bag'ishladi. Birinchi qo'ng'iroq chalinishi bilan bolajonlarga 12 nomdagi o'quv qurollaridan iborat “Prezident sovg'alari” topshirildi. Mazkur tadbirdan so'ng barcha ta'lim muassasalarida an'anaviy “Kelajak soati” darslari boshlandi.
Kelajak soati va yangi dasturlar
Vazirlik tomonidan 2026-2027 o'quv yili uchun maxsus “Kelajak soati” dasturlari ishlab chiqildi. Har bir yosh guruhi uchun alohida tayyorlangan dars ishlanmalari, ssenariylar, vizual va interaktiv materiallar “milliytarbiya.uz” platformasiga joylashtirildi. Shuningdek, maktabgacha va maktab ta'limi sifatini yangi bosqichga ko'tarish, ta'lim uzviyligi hamda uzluksizligini ta'minlash maqsadida davlat ta'lim standarti va o'quv dasturlari xalqaro tajriba asosida yangidan tuzib chiqildi.
O'quv qo'llanmalar o'quvchilarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda oddiydan murakkabga tamoyili asosida 7 qismdan iborat qilib yaratildi. Ushbu qo'llanmalarni yangi o'quv yilidan boshlab 17 soatlik, ya'ni ikki haftada 1 soat miqdorida darsdan tashqari mashg'ulot sifatida amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.
Manba: UzA


