Yangi o'quv yilida qariyb 800 ming nafar bola 1-sinfga chiqishi kutilmoqda
2026-2027 o'quv yilida 795 mingdan ortiq bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Maktabga qabul jarayonlari va yozgi oromgohlar faoliyatiga tayyorgarlik ko'rilmoqda.
Kelgusi, yani 2026-2027 o'quv yilida respublika bo'yicha 795 ming nafardan ziyod bolani 1-sinfga qabul qilish mo'ljallangan. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova boshchiligida bo'lib o'tgan yig'ilishda ma'lum qilindi.
Onlayn qabul va ixtisoslashgan maktablar
Joriy yilda bolalarni umumta'lim maktablariga onlayn ro'yxatdan o'tkazish qamrovi kengaytirildi. Xususan, bunday tuman va shaharlar soni 64 tadan 135 taga, maktablar esa 1950 tadan 5690 taga yetkazildi. Toshkent shahri hamda Buxoro viloyatidagi barcha maktablar to'liq onlayn qabul shakliga o'tkazildi.
Shuningdek, prezident, ixtisoslashtirilgan, ijod, sport maktablari, Al-Beruniy xalqaro maktab-internati va Milliy dastur bo'yicha ham arizalar onlayn qabul qilinmoqda. Hozirgacha mazkur ta'lim maskanlariga kirish uchun 150 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Sinov imtihonlari respublika miqyosida 15 iyundan 31 iyulga qadar o'tkazilishi belgilangan bo'lib, prezident maktablarining birinchi bosqich imtihonlari bir smenada tashkil etiladi. Yangi tashkil etilgan «Jasorat maktablari»ga esa 14826 ta ariza kelib tushgan bo'lib, eng yuqori ko'rsatkichlar Namangan, Farg'ona va Andijon viloyatlariga to'g'ri keldi.
Yozgi dam olish va oromgohlar faoliyati
Yig'ilishda o'quvchilarning yozgi oromgohdagi hordigini uyushtirish masalalari ham ko'rib chiqildi. Vazirlik markaziy apparati hamda hududiy bo'linmalarda «Yoz - 2026» shtablari ish boshladi. Umumta'lim maktablari qoshida 1242 ta sog'lomlashtirish maydonchasi tashkil etilib, ularda 156 mingdan ortiq bolaning mazmunli dam olishini ta'minlash yuzasidan mas'ullarga ko'rsatmalar berildi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi 179 ta statsionar oromgohda 158 ming nafar, shuningdek, vazirlik tizimidagi 21 ta sog'lomlashtirish oromgohida 7 ming nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan. O'quvchilar bu yerda maxsus ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida vaqt o'tkazadilar.
Manba: Kun.uz


