ZARMED universitetida 1,6 milliard so'mlik qabul granti tanlovi boshlandi
ZARMED universitetida abituriyentlar uchun umumiy qiymati 1,6 milliard so'mlik “Qabul granti” uchun hujjatlar qabuli boshlandi.
ZARMED universitetida umumiy qiymati 1,6 milliard so'mlik “Qabul granti” dasturi uchun arizalar qabuli yo'lga qo'yildi. Mazkur tashabbus kirish imtihonlari natijalariga asoslanib, yoshlarning bir semestrlik o'qish xarajatlarini oliygoh mablag'lari hisobidan to'liq yoki qisman qoplash imkonini taqdim etadi.
Grant tanlovi bosqichlari va taqsimoti
“Qabul granti” tanlovi ikki bosqichda tashkil etiladi:
- Birinchi bosqich abituriyent tanlagan ta'lim yo'nalishiga mos keluvchi ikkita fandan test sinovini o'z ichiga oladi.
- Ikkinchi bosqich esa shu fanlardan amaliy, yozma yoki og'zaki imtihon tarzida o'tkaziladi.
Grant o'rinlari bakalavriat ta'lim yo'nalishlari bo'yicha har yili ZARMED universiteti Kengashi qarori asosida taqsimlanadi.
Imtihonsiz ikkinchi bosqichda qatnashish imkoniyati
Ayrim toifadagi abituriyentlar kirish test sinovlarisiz to'lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinadi hamda “Qabul granti” tanlovining ikkinchi bosqichida to'g'ridan-to'g'ri ishtirok etish huquqiga ega bo'ladilar:
- “Tarbiyachi” tanlovi g'oliblari pedagogika, psixologiya, boshlang'ich ta'lim va maktabgacha ta'lim yo'nalishlariga;
- Zulfiya nomidagi davlat mukofoti va “Mard o'g'lon” davlat mukofoti sohiblari;
- “Hamshira” tanlovi g'oliblari davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya va oliy hamshiralik ishi yo'nalishlariga;
- xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari hamda musobaqalari g'oliblari;
- UZBMB - DTM yoki ZARMED universitetining ichki kirish imtihonida 120 va undan yuqori ball to'plagan abituriyentlar;
- umumiy o'rta ta'lim muassasasini oltin yoki kumush medal bilan tamomlagan iqtidorli bitiruvchilar;
- tegishli fandan B+, B, C+ yoki C darajadagi milliy sertifikat sohiblari.
Shuningdek, ingliz tili ta'lim yo'nalishi uchun B2 va undan yuqori darajadagi tegishli xalqaro sertifikatlardan biri talab etiladi.
Manba: Kun.uz



