Boshlang'ich sinf o'qituvchilari uchun milliy sertifikat imtihonlari tartibi tasdiqlandi
Boshlang'ich ta'lim o'qituvchilariga milliy sertifikat berish va ustama to'lash tartibi belgilandi.

Hukumatning 2026-yil 29-iyuldagi 411-sonli qarori bilan boshlang'ich ta'lim o'qituvchilariga milliy sertifikat berish bo'yicha malaka imtihonlarini o'tkazish tartibini belgilovchi nizom tasdiqlandi. Ushbu o'zgarishlar 2026/2027 o'quv yilidan boshlab amalga oshiriladi.
Ustama to'lash tartibi va imtihon shartlari
Yangi tartibga ko'ra, V+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega bo'lgan hamda boshlang'ich sinflarda dars beruvchi mutaxassislikdagi pedagoglarga davlat byudjeti hisobidan qo'shimcha haq to'lanadi. Sertifikat amal qilish muddati davomida ularning lavozim maoshiga tegishli ta'lim tiliga mos ravishda barcha fanlar bo'yicha har oyda 15 foiz miqdorida ustama beriladi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur yo'nalishdagi vakolatli organ etib belgilandi. Imtihonda qatnashish uchun ro'yxatdan o'tish jarayonida talabgordan ariza berilgan kundagi baza hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to'lov undiriladi. Nomzodlar YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda ariza topshirib ro'yxatdan o'tadilar.
Baholash mezonlari va natijalar
Imtihon jarayonida talabgorning boshlang'ich sinflardagi fanlar mazmuni bo'yicha bilimlari, pedagogik mahorati va o'qitish metodikasi test sinovlari vositasida tekshiriladi. Natijalar xalqaro metodika bo'lgan Rash modeli asosida hisoblab chiqiladi:
- 70 balldan yuqori — A+ darajali;
- 65 – 69,9 ball — A darajali;
- 60 – 64,9 ball — B+ darajali;
- 55 – 59,9 ball — B darajali;
- 50 – 54,9 ball — C+ darajali;
- 46 – 49,9 ball — C darajali sertifikatlar beriladi.
Sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan ishtirokchilarga 1 ish kuni ichida QR-kod qo'yilgan elektron sertifikat YAIDXP orqali taqdim etiladi. Agar talabgor natijalardan norozi bo'lsa, natija e'lon qilingan kundan boshlab 3 kun ichida my.gov.uz orqali apellyatsiya shikoyatini yuborish huquqiga ega. Shuningdek, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab huquqshunoslik fanini bilish darajasini aniqlash hamda milliy sertifikat berish amaliyoti ham joriy etilishi belgilandi.
Manba: UzA
