Al-Beruniy xalqaro maktab-internati xalqaro IB sertifikatini qo'lga kiritdi
Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati Markaziy Osiyoda davlat tasarrufidagi IB Diploma Programme dasturini joriy etgan ilk ta'lim muassasasiga aylandi.

Ta'lim sohasini global standartlar asosida rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Davlat rahbarining 2025 yil 15 maydagi farmoniga asosan tashkil etilgan Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati qisqa vaqt ichida muhim yutuqqa erishdi. ## Xalqaro e'tirof va IB sertifikati O'tgan yil iyul oyida maktab va Shveysariyaning International Baccalaureate tashkiloti o'rtasida shartnoma imzolanib, nomzodlik maqomi berilgan edi. 2025 yil oxirida esa maktab-internatiga rasman tegishli sertifikat taqdim etildi. Shu tariqa mazkur ta'lim muassasasi O'zbekiston va Markaziy Osiyoda davlat tasarrufidagi IB Diploma Programme dasturini amalda joriy etgan birinchi muassasa bo'ldi. Shuningdek, dastur fanlari tarkibiga o'zbek tili "O'zbek A" fani sifatida kiritildi. ## Bitiruvchilar uchun imtiyozlar Mazkur akkreditatsiya natijasida maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi shahodatnoma bilan birga xalqaro IB diplomi ham beriladi. Ushbu diplom dunyoning yetakchi universitetlari tomonidan tan olinib, yoshlarga TOP-20 talik reytingdagi OTMlarga imtiyozli kirish hamda bakalavriatni 3 yilda tamomlash imkoniyatini taqdim etadi. Hozirda maktabda xorijiy mutaxassislar va TOP-100 talik universitetlar bitiruvchilaridan iborat jamoa faoliyat yuritmoqda.
Manba: UzA


