Buvaydadagi maktab o'qituvchilari ta'til kunlari majburiy navbatchilikka jalb qilindi
Farg'ona viloyati Buvayda tumanidagi maktab o'qituvchilari bayram kunlari va dam olish kunlarida ham tungi navbatchilikka majburlanayotgani aytilmoqda.
Farg'ona viloyati Buvayda tumanidagi 37-maktab o'qituvchilari majburiy navbatchilikka majburlanayotgani yuzasidan shikoyat bildirdi. Xodimlarning ma'lum qilishicha, ular 25-dekabrdan buyon ta'lim muassasasida qolib, navbatchilik o'tashga majbur qilinmoqda. Murojaat qilgan pedagoglar rasmiy besh kunlik dam olish kunlari, jumladan 31-dekabrdan 4-yanvargacha bo'lgan davrda ham maktabda bo'lganliklarini ta'kidlashgan.
Buyruq va rahbariyat talabi
Tahririyatga taqdim etilgan buyruq hujjatida maktab direktori Hasanboy Nishonovning imzosi va muhri mavjud bo'lib, unda o'qituvchilar 13 kun davomida 2 ta smenada navbatchilik qilishlari kerakligi tasdiqlangan. Hujjatda bu tadbir Yangi yil bayrami munosabati bilan ta'lim dargohini tinch va osoyishta saqlash, jamoa hamda o'qituvchilar xavfsizligi va salomatligini ta'minlash maqsadi bilan izohlangan. Biroq muassasa xodimlari buni o'zlariga nisbatan qilingan bosim deb baholamoqda.
O'qituvchilardan birining so'zlariga ko'ra, rahbariyat tomonidan darslarni olib qo'yish bilan qo'rqitish holatlari bo'lgan va ustozlar bunga majbur qolgan. Kunduz kuni ayol ustozlar, kechasi esa erkaklar navbatchilikda qolgani aytilgan. Holatni tasdiqlovchi videolar va Telegram yozishmalari skrinshotlarida ham pedagoglarning dam olish kunlari maktab binosida bo'lgani aks etgan. Qayd etilishicha, “Pedagogning maqomi to'g'risida”gi qonunga muvofiq, o'qituvchilarni kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga jalb qilish qat'iyan taqiqlanadi.
Manba: Kun.uz


