Amir Temur nomli davlat stipendiyasiga qo'yilayotgan yangi talablar va tartiblar
Amir Temur nomli davlat stipendiyasini tayinlash, talabgorlarga qo'yiladigan talablar hamda hujjatlarni topshirish muddatlari belgilanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining «O'zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag'batlantirish to'g'risida»gi qaroriga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasi muhokamaga qo'yildi. Ushbu hujjatda Amir Temur nomli davlat stipendiyasiga da'vogar bo'ladigan talablar aniqlashtirilgan.
Kimlar da'vogar bo'la oladi?
Mazkur stipendiya davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari, shuningdek, qo'shma ta'lim dasturlarining oxirgi ikki kursida tahsil olayotgan talabalarga berilishi mumkin. Nomzodlardan a'lo o'qish, ilmiy yoki ijodiy ishlar bilan shug'ullanish, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etish talab etiladi. Buning uchun talabgor O'zbekiston tarixi, davlat tili hamda kamida bitta xorijiy tilni bilishi shart.
Shuningdek, da'vogarning bitiruv malakaviy ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag'ishlangan bo'lishi yoki shu yo'nalishda kamida ikkita ilmiy ishi e'lon qilingan bo'lishi taklif etilmoqda.
Hujjatlarni topshirish va ko'rib chiqish muddatlari
Loyihaga muvofiq, tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilgan talabgorlar o'z hujjatlarini har yili 5-15-sentabr kunlari my.edu.uz tizimi orqali yuklashlari ko'zda tutilgan. Stipendiya tayinlash bo'yicha tavsiyanomalarni esa 5-25-oktabr kunlari ko'rib chiqish belgilangan.
Bundan tashqari, nomli davlat stipendiyasi sohiblarini bakalavriatni tugatganidan keyin bir yil ichida magistraturaning kunduzgi ta'lim shakliga tanlovsiz, qo'shimcha davlat granti asosida qabul qilish taklif qilinmoqda. Hozircha bu tartiblar faqat qaror loyihasi bosqichida ekanligi ma'lum qilindi.
Manba: Kun.uz



