Andijon davlat chet tillari instituti o'zining 60 yillik yubileyini nishonladi
Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etilganining 60 yilligiga bag'ishlangan tantanali bayram tadbiri bo'lib o'tdi.

Andijon davlat chet tillari instituti tashkil etilganligining 60 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbirida professor-o'qituvchilar, mahalliy hamda xorijiy oliy ta'lim muassasalari vakillari va jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbirni rektor Dilshodbek Rustamov ochib berib, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qongratboy Sharipovning tabrigini o'qib eshittirdi.
Ta'lim jarayoni va xalqaro hamkorlik
Institutda bugungi kunda 20 ta bakalavriat va 7 ta magistratura yo'nalishida jami 3 ming 646 nafar talaba tahsil olmoqda. Ta'lim sifatini xalqaro standartlarga olib chiqish maqsadida AQSH, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Kanada kabi davlatlardan 36 nafar mutaxassis jalb qilingan. Shuningdek, muassasa Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Germaniya, Singapur, Rossiya, Qirg'iziston, Turkiya, Hindiston va boshqa davlatlarning nufuzli universitetlari, elchixonalari hamda tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan.
Iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xususan, institut jamoasi respublika fan olimpiadalarida 2024-yilda umumjamoa hisobida 3-o'rinni, 2025-yilda esa 2-o'rinni egalladi. Shuningdek, talabalar orasidan Prezident va nomdor davlat stipendiatlari yetishib chiqqan.
Infratuzilma va ilmiy faoliyat
Talabalarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida bir ming o'rinli yangi o'quv binosi hamda 800 o'rinli yotoqxona foydalanishga topshirildi. Ularning atrofida sport maydonchalari barpo etildi. Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yo'lida institut huzurida filologiya va pedagogika fanlari bo'yicha PhD va DSc ilmiy darajalarini beruvchi Ilmiy kengashlar o'z faoliyatini boshladi.
Shuningdek, talabalarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish uchun "Besh muhim tashabbus markazi" tashkil etilib, uning qoshida "Ibrat" teatr studiyasi va "Quvnoqlar va zukkolar" jamoasi tuzildi. Bayram doirasida yangi kitoblar taqdimoti, ilmiy jurnallar ko'rgazmasi hamda talabalarning ijodiy chiqishlari namoyish etildi.
Manba: UzA



