Toshkentda kimyo sanoati uchun maxsus ilmiy-ishlab chiqarish va ta'lim klasteri barpo etiladi
Mirzo Ulug'bek tumanida kimyo sanoati, ta'lim va ilmiy tadqiqotlarni o'z ichiga olgan yirik klaster tashkil etilishi ma'lum qilindi.

Mamlakatimizda ilm-fan va sohaga oid yo'nalishlarni rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz olib borilgan ishlar, korxonalardagi yosh laborantlar va dual ta'lim asosida mehnat qilayotgan talabalar bilan muloqotlar hamda olimlar taqdimoti orqali sohada ilm-fan jadal kirib borayotganini ta'kidladi. Shu bilan birga, bu yo'nalishda haligacha bajarilishi lozim bo'lgan vazifalar yetarliligi qayd etildi.
Klaster tarkibi va xalqaro hamkorlik
Kelgusida ta'lim, tadqiqot, zamonaviy laboratoriya hamda startap loyihalarini qamrab oluvchi yaxlit tizimni yo'lga qo'yish maqsadida maxsus infratuzilma barpo etiladi. Buning uchun Mirzo Ulug'bek tumanida 60 gektar yer maydoni ajratilib, Kimyo sanoati uchun innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish va ta'lim klasteri tashkil qilinishi belgilandi.
Ushbu yangi majmua doirasida Janubiy Koreya davlati bilan hamkorlikda Kimyo texnologiyalari innovatsiya markazini qurish rejalashtirilgan. Mazkur markazda amaliy tajriba va sinovlarni o'tkazish bilan bog'liq bo'lgan xarajatlarning teng yarmi qoplab berilishi ko'zda tutilgan.
OTMlarni ko'chirish rejalari
Shuningdek, tashkil etilayotgan klaster hududiga oliy ta'lim muassasalarini ko'chirish ishlari amalga oshiriladi. Xususan, kelgusi yil yakunigacha Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filiali mazkur hududga to'liq ko'chib o'tadi.
Manba: UzA



